Putin urushni tushuntirish uchun hayvonlardan foydalanishni taklif qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘qituvchilarga bolalarga "qanday dunyoda yashayotganimizni" va Rossiyaning Ukrainadagi urush sabablarini yovvoyi hayvonlar, xususan, oq ayiqlar va kosatkalar misolida tushuntirishni taklif qildi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Putin bu tashabbusni 29-avgust, shanba kuni Moskva pedagogika davlat universitetida o‘qituvchilar bilan uchrashuv chog‘ida Belgorod viloyatidan bo‘lgan xitoy tili o‘qituvchisi Dmitriy Balanchukov bilan suhbatda ilgari surdi. Tadbir videosi o‘sha kuni Kreml saytida e’lon qilindi.
O‘qituvchi Putinga Shimoliy qutbga qilgan safari va ikkita oq ayiq bilan uchrashgani haqida gapirib berdi. Bunga javoban Putin o‘sha yerda yashaydigan va oziq-ovqat zanjirining bir bo‘lagi sifatida oq ayiqlarni yeb bitiradigan kosatkalarni esladi.
"Tasavvur qiling-a, u yerda kosatkalar yashaydi. Ular bu ayiqlarni mayda xo‘rakdek yeb qo‘yishadi. Ular shunchaki to‘da bo‘lib tashlanishadi va ularni bo‘laklab tashlashadi. Bularning barchasi juda qiziq. ... Oziq-ovqat zanjiri shunaqa tuzilgan. Va bolalarga ham buni aytib berish kerak, toki ular qanday dunyoda yashayotganimizni va nima uchun maxsus harbiy operatsiya o‘tkazayotganimizni tushunishsin", dedi prezident.
**Putin tez-tez hayvonot olamidan qiyoslar keltiradi**
Rossiya yetakchisi o‘z chiqishlarida bir necha bor hayvonlar bilan qiyoslarga murojaat qilgan. Masalan, 2025-yil sentyabr oyida Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso bilan uchrashuvda u Yevropa Ittifoqi mamlakatlari rahbarlarini sudralib yuruvchilar yoki hayvonlar bilan solishtirishni xohlamasligini aytgandi. "Ular ertaklar bo‘yicha mutaxassis emas, ular dahshatli filmlar bo‘yicha mutaxassis. Rossiya go‘yoki Yevropaga hujum qilishni rejalashtirayotgani haqidagi qo‘rquv doimiy ravishda avj oldirilayotgani — menimcha, bu provokatsiya yoki mutlaq malakasizlik", deya tushuntirgandi Putin.
2021-yil aprel oyida Putin boshqa davlatlarning tanqidiga javob berarkan, Redyard Kiplingning "Jungli kitobi"ni esga olib, Rossiyani asossiz ayblayotganlarni "Sherxon atrofida o‘ralashgan mayda sirtlonlar"ga qiyoslagandi. 2011-yil dekabrida esa chet eldan moliyalashtiriladigan muxolifatni aynan shu kitobdagi "banderloglar" deb atagandi.
2014-yilgi matbuot anjumanida Putin tashqi siyosat haqida gapirarkan, Rossiyani doimo zanjirga solib, tish-tirnog‘ini sug‘urib olishga urinishlarini aytgandi. "Balki ayig‘imiz taygada tinchgina asal, rezavor yeb yursa, uni tinch qo‘yishar? Yo‘q, qo‘yishmaydi", degandi u o‘shanda.
Avvalroq Putin Rossiyada yonilg‘i bilan bog‘liq muammolar hali to‘liq hal etilmagani haqida gapirgandi.

