Dunyo

Putin Tarkett’ning Rossiyadagi aktivlarini boshqa kompaniya boshqaruviga berdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Fransiyaning pol qoplamalari ishlab chiqaruvchi Tarkett kompaniyasining Rossiyadagi aktivlarini tashqi boshqaruvga oʻtkazdi. 15-oktabrda eʼlon qilingan farmonga koʻra, aksiyalar «Sentr Kapital» kompaniyasi boshqaruviga berilgan.

Putin Tarkett’ning Rossiyadagi aktivlarini boshqa kompaniya boshqaruviga topshirdi

DW nashri farmonga tayangan holda xabar berishicha, bu qaror Serbiyaning Bachka-Palanka shahrida roʻyxatdan oʻtgan Tarkett kompaniyasiga tegishli «Tarkett» aksiyadorlik jamiyati aksiyalarini ham qamrab oladi.

Farmon orqali boshqa xorijiy kompaniyalarning Rossiyadagi aktivlariga ham vaqtincha boshqaruv joriy etildi. Ular orasida «Kappa Rus»ning 12 565 ta aksiyasi, shuningdek, «Onteks RU», «Eviosis Pekedjing Kuban» va «Mensen Pakajing SNG» kompaniyalarining 100 foizlik ulushlari bor.

Tarkett turarjoy, savdo, sanoat va sport obyektlari uchun pol qoplamalari ishlab chiqaradi. DW maʼlumotiga ko‘ra, kompaniyaning 34 ta zavodi bor, ulardan ikkitasi Rossiyada joylashgan. Shuningdek, kompaniya eskirgan pol qoplamalarini qayta ishlaydigan sakkizta korxonaga ham ega.

Sentabr oyida Nestle, Metro, Auchan va Leroy Merlin’ning sobiq Rossiya biznesi bo‘lgan «Lemana Pro» aktivlari ham vaqtincha boshqaruvga o‘tkazilgan edi.

Reuters agentligi Rossiya hukumatidagi manbalariga tayanib, 2022-yilda Ukrainaga keng ko‘lamli hujum boshlanganidan keyin ham Rossiyada faoliyatini davom ettirgan yirik G‘arb kompaniyalari aktivlariga qaratilgan choralarni sanksiyalarga javob kampaniyasi deb taʼriflagan.

Agentlik suhbatdoshlari UniCredit va Raiffeisen banklarining Rossiyadagi bo‘linmalariga ham vaqtincha tashqi boshqaruv joriy etilishi mumkinligini istisno qilmagan. Biroq bu borada qaror qabul qilingani haqida xabar berilmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.