Dunyo

Putin Svyatogorsk olinganini aytgandi, ammo ukrain generali shahar markazidan videomurojaat yoʻlladi

Ukrainaning Liman atrofidagi yurishi haqida nimalar maʼlum?

Putin Svyatogorsk egallanganini aytgandi, ammo ukrain generali shahar markazidan videomurojaat yoʻlladi

Ukraina qurolli kuchlari Uchinchi armiya korpusi qoʻmondoni, general Andrey Biletskiy 7-sentabr kuni Donetsk oblastidagi Svyatogorsk shahri markazidan video eʼlon qildi. Bundan avval Rossiya mudofaa vazirligi ham, shaxsan Vladimir Putin ham ushbu shahar egallanganini bildirgandi. Bundan tashqari, OSINT-tahlilchilar maʼlumotiga koʻra, ukrain armiyasi Liman yoʻnalishida qarshi hujumni davom ettirmoqda va katta ehtimol bilan sezilarli yutuqlarga erishgan. BBC Ukraina xizmati bu «maxfiy amaliyot hamon davom etayotgani»ni qayd etgan.

Svyatogorskning egallangani haqida Vladimir Putin 1-sentabr kuni maʼlum qilgandi. Bu shahar Limandan 15 km shimoli-gʻarbda joylashgan boʻlib, uning yaqinida pravoslav xristianlar uchun muqaddas sanalgan Avliyo-Uspenskaya Lavrasi ham bor.

Keyingi kuni Rossiya mudofaa vazirligi ham ushbu shahar egallangani haqida xabar tarqatdi. Biroq buning uchun hech qanday dalil keltirilmadi.

Oʻshandayoq bu bayonotlarning toʻgʻriligiga rossiyalik Z-blogerlarning oʻzida ham shubha bildirilgandi. Sababi, ushbu aholi yashash manzili oʻsha paytdagi front chizigʻidan taxminan 10–12 km uzoqlikda joylashgan edi va rossiyalik shturmchilarning shahar yoʻnalishida muvaffaqiyatli kirib borgani haqida hech qanday maʼlumot chiqmagandi.

Rossiya harbiy qoʻmondonligi bayonotidan bir kun oʻtib bir qator ukrain jurnalistlari Svyatogorskni aylanib chiqishdi va u yerdan rossiyaliklarni topa olishmadi.

7-sentabr kuni frontning mazkur uchastkasi uchun masʼul Uchinchi armiya korpusi general Andrey Biletskiyning videosini eʼlon qildi. Unda general Svyatogorskni va Avliyo-Uspenskaya Lavrasi atrofini emin-erkin, hatto kaska kiymagan holda aylanib yurgani koʻrinadi. Videoda shahar boʻylab fuqarolik avtomobillari harakatlanayotgani, aholi yashash markazi toʻliq ukrain armiyasi nazoratida ekani ham aks etgan.

Bundan tashqari, Uchinchi armiya korpusi qoʻmondoni Svyatogorskni «frontortidagi shahar» deb atagan.

«Svyatogorskda hech qachon rus askarlari boʻlmagan deb boʻlmaydi [2022-yilda ushbu shahar bir necha oy mobaynida Rossiya armiyasi tomonidan ishgʻol etilgandi], ammo bu yerda, umuman olganda, hech qanday muammosiz sayr qilish mumkin, garchi zirhli nimcha kiygan maʼqul… Bu korpusimizning frontorti hududi, bu yerda barchasi ajoyib», – degan u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.