Putin Rossiya harbiylarining urushdan qaytishiga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi
Putinning so‘zlariga ko‘ra, gap vataniga qaytganidan so‘ng ishga muhtoj bo‘ladigan ko‘p sonli odamlar haqida bormoqda.

Putin Rossiya harbiylarining urushdan qaytishiga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi
Kreml rahbari Vladimir Putin Rossiya hukumati harbiylarning frontdan qaytishiga oldindan tayyorlanishi, shuningdek, ularni kelgusida ish bilan ta’minlash masalalarini hal etishi zarurligini ma’lum qildi. Rossiya prezidenti bu haqda Strategik rivojlanish va milliy loyihalar bo‘yicha kengash yig‘ilishida aytib o‘tdi.
«Yana bir masala bor, u albatta yuzaga keladi. Bu — maxsus harbiy operatsiya tugaganidan so‘ng yigitlarimizning jangovar to‘qnashuvlar chizig‘idan qaytishi masalasidir», — deb ta’kidladi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gap vataniga qaytganidan so‘ng ishga muhtoj bo‘ladigan ko‘p sonli odamlar haqida bormoqda. Shu bois, hukumat ularni ish bilan ta’minlash haqida oldindan o‘ylab qo‘yishi kerak.
«Odamlar ko‘p, ularni ish bilan ta’minlash zarur, ular sog‘lom ambitsiyalar bilan keladi va hokazo. Bu jiddiy ish, unga oldindan tayyorgarlik ko‘rish lozim», — dedi Putin.
Shu bilan birga, u «maxsus operatsiya» deb atalmish holat bilan bog‘liq masalalarni hal etish, shuningdek, harbiy xizmatchilar va urush qatnashchilarining oilasini qo‘llab-quvvatlashni asosiy vazifalardan biri deb atadi.

