Putin nazariga tushgan general Rossiya Qahramoni yulduzini olganidan ikki hafta oʻtib halok boʻldi
Grunis kamida ikki marta shaxsan prezident Vladimir Putinga front chizigʻidagi vaziyat haqida hisobot bergan, prezident esa uni omma oldida maqtagandi.

Putin e’tiboriga tushgan general Rossiya Qahramoni yulduzini olganidan ikki hafta o‘tib halok bo‘ldi
4-alohida motoo‘qchi brigadasi qo‘mondoni, «Grozniy» chaqiruv belgisiga ega general-mayor Anton Grunis Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousovdan Rossiya Qahramoni yulduzini olganidan bor-yo‘g‘i ikki hafta o‘tib, front chizig‘i yaqinida halok bo‘ldi. Grunis kamida ikki bor shaxsan prezident Vladimir Putinga frontdagi vaziyat yuzasidan hisobot bergan, prezident esa uni omma oldida maqtagandi.
Front chizig‘i yaqinida shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi (12-13 sentabr oralig‘i) rossiyalik yuqori martabali ofitser halok bo‘lganiga rossiyalik z-bloger Anastasiya Kashevarova ishora qilgandi. «Bugun tunda front o‘z Qahramonlaridan biridan ayrildi. Rasmiy ma’lumot bo‘lmagunicha – xabar bermayman», – deb yozgandi u 13-sentabr tongida o‘z telegram-kanalida.
Keyingi kuni Qozondagi Suvorov harbiy bilim yurti (Grunis aynan shu yerni tamomlagan) bitiruvchilariga bag‘ishlangan «Suvorovskoye bratstvo» telegram-kanalida general vafoti haqida nekrolog e’lon qilindi. Postda uning ismi tilga olinmagan.
15-sentabr kuni Grunisning o‘limi haqida (uning nomini keltirgan holda) Rossiya hukumati ta’siridagi va harbiy mavzuga ixtisoslashgan Anna News agentligi 4-motoo‘qchilar brigadasidagi anonim manbaga tayangan holda xabar berdi.
Grunis halok bo‘lganini tasdiqlovchi yagona rasmiy ma’lumot RF mudofaa vazirligi qurolli kuchlar bosh harbiy-siyosiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, «Axmat» bo‘linmasi qo‘mondoni general-leytenant Apti Alaudinovning telegramdagi posti bo‘lib qolmoqda. «Ming afsuski, general-mayor Anton Grunis „Grozniy“ narigi dunyoga ketdi», – deb yozdi Alaudinov 16-sentabr kuni.
U tafsilotlarni ochiqlamadi, faqat «o‘z muqaddas burchini oxirigacha ado etib, qahramonlarcha halok bo‘lgani»ni bildirdi.
Grunisning, uning tug‘ishgan akasining, shuningdek, yaqin qarindoshlarining telefonlari o‘chirilgan yoki javob bermagan.
Kashevarova o‘z postida u ushbu harbiy zarba oqibatida halok bo‘lganini, uning joylashuvi haqida esa Ukraina qurolli kuchlari «o‘zinikilar» sizdirgan ma’lumot orqali bilib olganini taxmin qilgandi.
Ukraina Pilotsiz tizimlar kuchlari qo‘mondoni Robert Brovdi («Madyar») esa Grunis 2026-yil 12-sentabr kuni Donetsk oblastida ukrain droni zarbasi oqibatida halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

