Putin Italiya bankiga Rossiyadagi biznesining bir qismini sotishga ruxsat berdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Italiyaning UniCredit guruhiga Rossiyadagi shuʼba bankini qayta tashkil etish va aksiyalarini sotishga ruxsat berdi. Rejaga koʻra, biznes ikkiga ajratiladi: bir qismi Italiya guruhi nazoratida qoladi, qolgan qismi esa BAAdagi investorga sotiladi.

Putin Italiya bankiga Rossiyadagi biznesining bir qismini sotishga izn berdi
5-oktabr kuni eʼlon qilingan farmoyish «YuniKredit Bank» tarkibidan alohida kompaniya ajratib chiqarish va bankning UniCredit’ga tegishli 100 foiz aksiyasi bo‘yicha bitim tuzishga ruxsat beradi.
Hujjatda bu bitimlar uchun Rossiya qonunchiligida ko‘zda tutilgan boshqa ruxsat va kelishuvlarni olish shart emasligi qayd etilgan. Shunga qaramay, ruxsat berilgani sotuv yakunlanganini anglatmaydi.
UniCredit 2026-yil 7-mayda Rossiyadagi faoliyatining bir qismini sotish bo‘yicha dastlabki, majburiy kuchga ega bo‘lmagan kelishuv imzolaganini bildirgan. Xaridor Birlashgan Arab Amirliklaridagi xususiy investor ekani aytilgan, biroq uning nomi oshkor qilinmagan.
Guruhning rasmiy bayonotiga ko‘ra, Rossiyadagi bank faoliyatining bir qismi yangi yuridik shaxsga o‘tkaziladi. Yangi bankning barcha aksiyalari UniCredit’da qoladi, qolgan biznesni o‘z ichiga olgan bank esa xaridorga to‘liq sotiladi.
Italiya guruhi Rossiyadagi faoliyatini asosan xalqaro to‘lovlarga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Bunda sanksiyalarga tushmagan Rossiya va G‘arb korporativ mijozlarining, avvalo, yevro va AQSH dollaridagi operatsiyalariga xizmat ko‘rsatish nazarda tutilgan.
Kompaniya bitimni 2027-yilning birinchi yarmida yakunlashni mo‘ljallagan. Buning uchun majburiy kuchga ega hujjatlarni imzolash, biznesni ajratish jarayonini amalga oshirish va tegishli regulyatorlar talablarini bajarish zarurligi ta’kidlangan.
Avvalroq, 2025-yil mayida OAV BAAda ro‘yxatdan o‘tgan Asas Capital, Mada Capital va Inweasta kompaniyalari UniCredit’ning Rossiyadagi biznesini sotib olishga qiziqish bildirgani haqida yozgan edi.
DW maʼlumotlariga ko‘ra, Inweasta asoschisi Andrey Yelinson 2023-yilgacha «Alfa-grupp»ning investitsiya bo‘linmasi — A1’da boshqaruvchi hamkor bo‘lgan. Biroq ushbu kompaniyalardan birortasi hozirgi bitim xaridori ekani tasdiqlanmagan.
UniCredit Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga keng ko‘lamli hujumidan keyin ham mamlakatda faoliyatini davom ettirgan yirik G‘arb banklaridan biri bo‘lib qolgan. Yevropa regulyatorlari guruhdan Rossiyadagi ishtirokini qisqartirishni talab qilib kelgan.
Ayni paytda Rossiyada «do‘st bo‘lmagan» davlatlar investorlariga tegishli bank aksiyalari bilan bitimlar uchun prezidentning maxsus ruxsati talab qilinishi sotuv jarayonini murakkablashtirgan. Putinning yangi farmoyishi UniCredit rejalashtirgan qayta tashkil etish va sotuv uchun ana shunday ruxsatni beradi.

