Putin AQSH delegatsiyasi tashrifi sabab Kiyevga uch kun o‘t ochmaslikni buyurdi

Putin AQSH delegatsiyasi tashrifi munosabati bilan Kiyevga uch kun davomida o‘t ochmaslikni buyurdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 5-sentyabr soat 00:00 dan boshlab uch kun davomida Kiyevga zarba bermaslik haqida topshiriq berdi. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
Bildirilishicha, bu qaror AQSH delegatsiyasining tashrifi sababli qabul qilingan. 6-sentyabr kuni Ukraina poytaxtiga Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va uning kuyovi Jared Kushner kelishi rejalashtirilgan. Bugun, 5-sentyabr kuni ular Moskvada bo‘lib turibdi. Peskovning aytishicha, ular poytaxtda Putin bilan uchrashuv o‘tkazadi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bundan bir kun avval bayonot bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina AQSH delegatsiyasi tashrifi paytida Rossiya hududiga zarba berishni to‘xtatadi. Zelenskiy Kremldan ham shunday qaror kutayotganini aytgandi. Moskva bu taklifga rasman javob bermagan.
Shu bilan birga, 5-sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi Ukraina hududlarini o‘qqa tutishni davom ettirdi. Jumladan, Dnepropetrovsk viloyatidagi metallurgiya korxonasiga berilgan zarba oqibatida besh kishi halok bo‘ldi.
Putin hafta o‘rtasida Moskva muloqot qilishni istagan har qanday tomon bilan muloqotga ochiqligini ta’kidlagandi. Rossiya prezidentining tushuntirishicha, Oq uy vakillari har doim kutilgan mehmon hisoblanadi va Kreml ular bilan ishlashdan xursand bo‘ladi.

