Boshqa

Pumaning ovi va muzdagi uyqu: yovvoyi tabiatning eng yaxshi suratlari tanlandi

Siena International Photo Awards 2026 xalqaro fototanlovida «Hayvonlar tabiiy yashash muhitida» yoʻnalishining eng yaxshi suratlari eʼlon qilindi. Birinchi oʻrinni pumaning guanakoni tutishga urinishini aks ettirgan «Hayot uchun kurash» surati egalladi.

Pumaning ovi va muzdagi uyqu: yovvoyi tabiatning eng yaxshi suratlari tanlandi

Naked Science nashri tanlov gʻoliblari hamda hakamlar yuqori baholagan ishlar orasidan saralangan suratlarni taqdim etdi. Ularda yirtqichlarning ov jarayoni, hayvonlarning bolalariga gʻamxoʻrligi va tabiatdagi kutilmagan uchrashuvlar aks etgan.

**Birinchi oʻrin — «Hayot uchun kurash», Kevin Shi**

Fotograf ikki bolasini boqayotgan urgʻochi pumani bir necha kun davomida kuzatgan. Tongda yirtqich guanakoga sekin yaqinlashib, hujum qilgan. Puma oʻljasini yiqitish va boʻynidan tishlashga qayta-qayta urinib koʻrgan, biroq guanako oxir-oqibat qochib ketgan.

**Ikkinchi oʻrin — «Baland togʻlar», Marko Gayotti**

Suratda quyosh botayotgan paytda Efiopiya togʻligidagi qoyada oʻtirgan gelada tasvirlangan. Faqat Efiopiyada uchraydigan bu primat koʻkragidagi qizgʻish dogʻi bilan ajralib turadi. Uning ozuqasi deyarli toʻliq oʻt-oʻlanlardan iborat.

**Uchinchi oʻrin — «Uyqudagi goʻzal», Feliks Belluen**

Fotograf 2025-yil yozida Shpitsbergen shimolidagi qalin Arktika muzlari orasida suzayotgan kemada boʻlgan. U uzoqdagi muz yonbagʻrida junga oʻxshash bir narsani koʻrib, dron uchirgan.

Yaqinroqdan qaralganda, yorqin moviy muz shakli yonidagi chuqurchada gʻujanak boʻlib uxlayotgan oq ayiq koʻringan. Fotograf hayvonni bezovta qilmaslik uchun dronni balandda ushlab, suratga olgach, uzoqlashgan.

**«Bolasi bilan parvoz», Duglas Gimezi**

Hakamlar yuqori baholagan suratda Melburn yaqinidagi daraxtlar orasida bolasini koʻtarib uchayotgan kulrang boshli uchar tulki — yirik koʻrshapalak tasvirlangan. Bolalari ogʻirlashib qolguncha onasiga yopishib yuradi. Keyin esa daraxtlarda boshqa bolalar bilan qolib, onalarining qaytishini kutadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.