Layfstayl

“Pul ketidan quvib, farzandimning bolaligini o‘tkazib yubordim”. Feruza Sobitova turmush o‘rtog‘i bilan ajrimi va o‘g‘lining tarbiyasi haqida

“Pul ketidan quvib, farzandimning bolaligini o‘tkazib yubordim”. Feruza Sobitova turmush o‘rtog‘i bilan ajrimi va o‘g‘lining tarbiyasi haqida

Aktrisa Feruza Sobitova “Darakchi” nashrining YouTube sahifasiga bergan intervyusida tadbirkorlik faoliyati, psixologiya bo‘yicha o‘rganishlari, qizlik familiyasiga qaytish rejasi, shuningdek, o‘g‘lining tarbiyasi va kelajakka doir qarashlari haqida gapirib berdi.

“Farzandim kichikligida pulning orqasidan yugurib, uning bolalik yillarini o‘tkazib yuboribman”

— Bolam tug‘ilganidan beri 10 yil pulning ortidan yugurib, vaqtning qanday o‘tib ketganini sezmay qolibman. Farzandim 10 yoshga to‘lganda “qachon shuncha vaqt o‘tib ketdi?” deb o‘ylab qoldim. Uni shirin paytida enagaga topshirib, o‘zim pul topish uchun yugurib yurardim. Enaganing pulini berish kerak, bolani boqish kerak, deb pulning ortidan quvgan ekanman. Bolam 10 yoshga to‘lganda u bilan birga bo‘lishni, onamga, oilamga ko‘proq vaqt ajratishni o‘ylay boshladim. Ammo aynan shu paytda sog‘lig‘imda muammo paydo bo‘ldi. Sog‘lig‘imdagi muammo sabab keyinchalik butunlay boshqa yo‘nalish — psixologiyani o‘rganishga kirishdim.

“Hozirgi kunda tadbirkorlik bilan shug‘ullanyapman”

— Hozir o‘zimning bizneslarim bor. Aktrisalikdan ko‘ra ko‘proq tadbirkorlik bilan shug‘ullanyapman. Bir kuni o‘tirib, qachongacha shunday yugurib yurishim haqida o‘yladim. O‘zimga “qachongacha shunday yugurasan, aktrisalarning hayoti qanday bo‘lar? 60 yoshingda ham pul uchun yugurib yurasanmi?” degan savollarni berdim. Aksincha, bu yoshda maza qilib o‘tirishing, pulning o‘zi oldingga kelishi kerak. Bilim olishga kirishganimdan keyin shu kabi fikrlar miyamga kelaverdi. Shundan keyin yoshim katta bo‘layotganini hisobga olib, harakatimni qila boshladim.

Yoshi katta aktrisalarni kuzatdim, endi hayot-da, balki majburdir, pul kerak bo‘lgani uchun charchasa ham yuguradi. Biz ayollarga pulning orqasidan ko‘p yugurish, charchash buyurilmagan. Aksincha, bizlar maza qilib yashashimiz kerak, deydi aktrisa.

“O‘zgarishimga sababchi bo‘lganlarga rahmat deyman”

— Qalb ko‘zimiz o‘zidan o‘zi ochilmaydi. Qachonki shunday bir vaziyatga tushasiz, eng yaqin insonlaringiz sotib ketadi yoki kimgadir ishonasiz, ishonganingiz boshqa odam bo‘lib chiqadi. Ana shunaqa paytda tushkunlikka tushganimda menda nimadirlar o‘zgara boshladi. O‘shanda buning uchun yig‘lab-siqtab yurardim. Bular uchun yig‘laganim noto‘g‘ri bo‘lgan ekan. Aslida o‘sish vaqtim kelgani uchun shunday bo‘lgan ekan. Hozirgi kunda o‘sha insonlarga rahmat deyman. Agar hayotimda shunday keskin burilish bo‘lmaganda, bu darajaga o‘smagan bo‘lardim, deydi u.

“Farzandimga uy, mashina olib bermayman”

— Ko‘p ota-onalar bolasiga meros qoldirgisi keladi. Uy, avtomobillar olib beradi. Men o‘g‘limga bunday qilmayman. Chunki bolangizga bularni olib bersangiz, bola uning qadriga yetmaydi. O‘zi aslida farzand ham meniki emas, Allohniki. Shunday ekan, har bir farzand o‘zining peshonasida yozilgan umri, rizqi va taqdiri bilan keladi. Mening vazifam bolamga Allohni tanitishdan iborat. Asosiy investitsiyani uning bilim olishiga sarflayman. Qayerga boraman, o‘qiyman, desa, “xo‘p”, deyman. O‘qishi va jismonan sog‘lom bo‘lishi uchun pulimni ayamayman. Chunki bolada oddiy qon aylanishi yaxshi bo‘lmasa ham unda dangasalik paydo bo‘la boshlaydi. Shuning uchun o‘g‘limni sport mashg‘ulotlari bilan ham shug‘ullantiraman, deydi Feruza Sobitova.

“O‘g‘limga ham ona, ham otaman”

— Hozir o‘g‘limni ham ona, ham ota sifatida tarbiyalayapman. Taqdirimizda borini ko‘ramiz. Demak, taqdirimda farzandimni otasiz katta qilish bitilgan ekan. Shuning uchun farzandim uchun mas’uliyatni bo‘ynimga oldim. Avval bolamni otasiz katta qilganim uchun, “ertaga menga nima deydi”, deb o‘ylagan vaqtlarimda u menga “oyi, yaxshiyamki otam yo‘q. Chunki agar dadam bo‘lganida men erkatoy bo‘lardim. Hozir esa unday emas”, derdi. 14 yoshli o‘g‘lim mas’uliyatli bo‘lgani uchun 20-30 yillik maqsadlarini yozib qo‘ygan. Akvariumda baliqlarni boqadi. Olti yoshida uyimizning oldida o‘quv qurollarini sotardi. Uning juda katta maqsad va niyatlari bor. Ba’zida o‘zim ham undan juda ko‘p narsa o‘rganaman. Xuddi oynaday ichimdagi holatni aytib beradi. U o‘zimga bo‘lgan ishonchimning pastligini bilib, “oyi, siz Feruza Sobitovasiz. Bu darajaga yetishingiz oson bo‘lmagan. Shuning uchun gonoraringizni ko‘taring. Har yoqqa bormang”, deydi o‘g‘lim.

“Erim bilan ajrashishimga o‘zim aybdorman”

— Imronxonning dadasi bilan ajrashishimizda ko‘proq men aybdorman, deb o‘ylayman. Chunki o‘sha paytlarda menda erkak kishi bilan munosabatlar haqida yetarlicha bilim bo‘lmagan. Erkak kishi oilani boqish va pul olib kelishga majbur, deb o‘ylardim. Balki uning puli yo‘qdir, balki ishida nimadir bo‘lgandir. Puli yo‘qligini aytsa, unga ishonmasdim. Xuddi pulini oilasiga sarflashni xohlamayotgandek o‘ylardim. Yosh bo‘lganim uchun uni tushunishni xohlamasdim. Vaqti kelganda erkak kishini ham tushunish va sevish kerak. Chunki u ham sevilishni yaxshi ko‘radi.

“Sobiq erim mashhur aktyor bo‘lmagan”

— Nima uchundir hamma turmush o‘rtog‘imni mashhur aktyor deb eshitgan ekan. Lekin o‘g‘limning otasi aktyor emas, tadbirkor bo‘lgan. Hozirgi kunda farzandim bilan munosabati yo‘q. Chunki vaqtida uni qattiq xafa qilib, hamma eshiklarni mahkam yopganman, deydi aktrisa.

“Tez orada familiyamni o‘zgartiraman”

— Yaqin orada familiyamni o‘zgartirib, qizlik familiyamga qaytaman. Hozirgacha sobiq erimning familiyasida yuribman. Bundan buyog‘iga o‘zimning familiyamga o‘tishim kerak. Familiyam uchun bobomning ismini olsam, Jumayeva bo‘laman, agar familiyasini olsam, Muhiddinova bo‘laman. Ammo hozircha qaysi birini tanlashni bilmayman, deydi u.

“Rollarim hayotimga ko‘chgani uchun ssenariy tanlaydigan bo‘ldim”

— Avval boshida boy ayollar rolini o‘ynagan paytlarimda ko‘p pulimni kiyinishga sarflab yuborardim. Bir kuni “kambag‘allarning rolini ijro etaman, shunda kiyimga sarflanayotgan pulim yonimda qoladi”, dedim. O‘sha paytlar buni yaxshi tushunmaganman. Kambag‘allarning rolini o‘ynaganimdan so‘ng menda moliyaviy inqiroz boshlandi. Kasallarning rolini o‘ynaganimdan keyin kasal bo‘ldim. Shundan so‘ng tushundimki, kinoda o‘ynagan rollarim hayotda ham sodir bo‘lar ekan. Shundan buyon avval ssenariyni o‘qib chiqaman. Agar rolim kasal yoki yomon bo‘ladigan bo‘lsa, taklifni rad etaman. Yaqinda o‘g‘li narkoman bo‘ladigan ona obraziga chaqirishdi. Hech bir ikkilanishsiz taklifni qabul qilmadim, deydi aktrisa Feruza Sobitova.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.