Pul Eşmatga, jazo Toşmatga: Kun.uz ogohlantirgan PGM odamlarni “noğorasiga öynatdi”
Sirdaryolik Ixlosbekning 10 ta tuxum, 1 litr moy va 1 kg guruç tarqatiş bilan boşlagan işi 7 yil qamoq hamda 600 mln söm zararni qoplaş majburiyati bilan tugadi. Bu qanday sodir böldi? Maqolada PGM moliyaviy piramidasi odamlarni qanday çuv tuşirgani Ixlosbek tilidan hikoya qilinadi.

Pul Eşmatga, jazo Toşmatga: Kun.uz ogohlantirgan PGM odamlarni “noğorasiga öynatdi”
2024-yil yozida institutni bitirdim. Ishga joylashish uchun ko‘p joyga hujjat topshirib ko‘rdim, ammo natija bo‘lmadi. Shundan so‘ng Instagram’dagi eʼlonlarni kuzatib, o‘zimga mosroq ish izlay boshladim.
Shunday kunlarning birida onlayn ish taklif qilingan reklamaga ko‘zim tushdi. Unda internet orqali ishlab, yaxshi pul topish mumkinligi aytilgandi. Reklama ostidagi tugmani bosib, telefon raqamimni qoldirdim. Ko‘p o‘tmay, men bilan Telegram orqali bog‘lanishdi.
Taklif etilayotgan ish bir qarashda juda oddiy edi: video tomosha qilib, turli vazifalar bajarilsa pul to‘lanishi aytildi. Bu meni qiziqtirib qo‘ydi. Shu sababli kompaniya haqida batafsilroq so‘ray boshladim: nomi PGM - Pioneer Global Media ekan.
“Asosiy faoliyatimiz mahsulotlarni internetda reklama qilish. Maxsus ilovamiz bor. Siz o‘sha yerda video tomosha qilasiz va kunlik vazifalarni bajarasiz. Bu orqali esa daromad olasiz. Kompaniya reklama orqali tushadigan foydani ishchilarga taqsimlab beradi. Bo‘sh ofisimiz London shahrida joylashgan”, dedi u.
Taklif menga ma’qul bo‘ldi. 2025-yil aprel oyida PGM platformasida ro‘yxatdan o‘tib, undan foydalana boshladim.
Ishonchli ko‘ringandi
Dastlab pul tikish talab qilinmadi. Har kuni 4 tadan, ikki kunda 8 ta vazifani bajardim. Platformadagi hisobimga 16 ming so‘m tushdi. Mablag‘ni tajriba sifatida bank kartamga o‘tkazib ko‘rdim. Tushdi. Summa kichik bo‘lsa-da, taklif etilgan onlayn ish rostdan pul to‘lab berayotganiga ishondim.
Oradan ko‘p o‘tmay, ko‘proq pul topish uchun platformadagi darajalardan birini sotib olishim kerakligi aytildi. Daraja qancha yuqori bo‘lsa, vazifalar soni va ular uchun to‘lanadigan haq ham shuncha oshib borardi.
Boshlang‘ich daraja, ya’ni F1 uchun to‘lov qildim. Bu darajaning depozit majburiyati 141 ming so‘m edi. Unda kuniga 4 ta vazifa berilar, ularning har biriga 2 ming so‘mdan to‘lanardi. Ish kuni esa 6 kun qilib belgilangandi. Shunda bu darajada kuniga 8 ming so‘mdan bir oyda 144 ming so‘m ishlash mumkin edi.
Men topgan pulimni depozitga qo‘yib, yuqoriroq darajaga o‘tishga harakat qila boshladim. Chunki, daraja yuqori bo‘lgani sari depozit summasi ham, daromad ham oshib borardi. Hatto nogironlik nafaqamni ham shu ishga tikdim.
PGM’dagi daromadim ko‘payib borayotgandek edi. 2025-yil iyun oyida navbatdagi darajaga o‘tish uchun 3 mln 550 ming so‘m kerak bo‘ldi. Tanishimdan qarz olib, to‘lovni amalga oshirdim. Men bu ishni oddiy qo‘shimcha ish emas, balki asosiy daromad manbaiga aylantirishni o‘ylay boshlagandim.

