“PSJ” “Real Madrid” yulduzini nishonga oldi

"PSJ" "Real Madrid"ning yetakchi futbolchisini o'z safiga qo'shishni maqsad qilgan
Fransiyaning "Pari Sen-Jermen" klubi "Real Madrid" yarimhimoyachisi Jud Bellingemni transfer qilish imkoniyatini jiddiy ko'rib chiqmoqda. Parijliklar angliyalik futbolchini jamoaning asosiy yulduzlaridan biriga aylantirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda El Nacional nashri xabar berdi.
Manbaga ko'ra, "PSJ" bosh murabbiyi Luis Enrike Bellingemni Vitinya va Joau Nevesh bilan birga yarimhimoya chizig'ida ko'rishni istamoqda. Ushbu transfer Fabian Ruis jamoani tark etishi mumkin bo'lgan taqdirda uning o'rnini to'ldirishga qaratilgan. Ispaniyalik futbolchi "Betis"ga o'tish variantini ko'rib chiqmoqda.
Parij klubi Angliya terma jamoasi futbolchisiga jamoaning asosiy yulduzi maqomini berishga va uni "PSJ"ning eng ko'p maosh oladigan futbolchisiga aylantirishga tayyor.
"PSJ" prezidenti Nosir Al-Xelayfi transfer uchun qulay fursatni kutmoqda. Klub rahbariyati "Real" Joze Mourinyo qo'l ostida mavsumni sovrinsiz yakunlashiga umid qilmoqda. Bunday holatda parijliklar Bellingemni o'z loyihasiga jalb qilish uchun katta taklif bilan chiqishi mumkin.
"PSJ" so'nggi ikki mavsumda Chempionlar Ligasida g'olib chiqqan. Klub shu ustunligidan foydalanib, Bellingemni Madrid jamoasidan ketishga ko'ndirishni rejalashtirmoqda.
Ma'lumot uchun, Jud Bellingem 2023-yildan buyon "Real" safida to'p tepmoqda. U Madrid klubiga Dortmundning "Borussiya" jamoasidan 127 million yevro evaziga ko'chib o'tgan. Angliyalik yarimhimoyachi o'tgan mavsum barcha turnirlarda 40 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 160 million yevroga baholamoqda.

