Prezidentning Ozarbayjonga amaliy tashrifi yakunlandi
15-oktyabr kuni mamlakatimiz yetakchisi Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning

Prezidentning Ozarbayjonga amaliy tashrifi nihoyasiga yetdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Respublikasiga amalga oshirgan amaliy safari yakunlandi.
Tashrifning ilk kunida davlatimiz rahbari Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Uchrashuvda yetakchilar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
15-oktyabr kuni mamlakatimiz yetakchisi Boku shahrida o‘tkazilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida qatnashdi. Davlatimiz rahbari Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi, texnologik ishonch va sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish bo‘yicha Osiyo tashabbusini ilgari surdi hamda iqlim barqarorligi yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
Sammit doirasida Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Laos Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Txonglun Sisulit, Kambodja Qirolligi Bosh vaziri Xun Manet va Vetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi An Suan bilan alohida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, sammit doirasida boshqa delegatsiyalar rahbarlari bilan ham suhbatlar o‘tkazildi.
Tashrif yakunida Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Shahin Mustafayev va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi. Prezidentimiz Toshkentga jo‘nab ketdi.

