Prezident “Yonbosh” va “Erkindaryo” kanallarini 1-martgacha betonlash bo‘yicha topshiriq berdi

Prezident “Yonbosh” va “Erkindaryo” kanallarini 1-martgacha betonlash yuzasidan topshiriq berdi
Qoraqalpog‘istondagi 417 ming gektar ekin maydonini sug‘orishga 5 milliard 700 million kub metr suv sarflanmoqda. Yo‘qotishlar esa 38 foizni, ya’ni 2 milliard 100 million kub metrni tashkil etmoqda.
To‘rtko‘ldagi “Yonbosh” kanalidan yiliga o‘tadigan 115 million kub metr suvning 44 million kub metri yo‘qotilmoqda. Kanal to‘liq betonlansa, yana 9 ming gektarga suv yetkazish va 15 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasini yaratish mumkin.
Bo‘zatovdagi “Erkindaryo” kanalining 8 kilometrini betonlash hisobiga foydalaniladigan yer maydoni 3 ming gektarga kengayadi, 15 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi. 3 ta suv inshooti va 22 ta artezian quduq qurilishi yana 5 ming gektar ozuqa maydonini yaratish imkonini beradi.
Bu ishlar uchun jami 135 milliard so‘m ajratish, ikki kanalni 1-martgacha betonlash topshirildi. To‘rtko‘l va Bo‘zatovda kelasi yil 17 ming gektarda ozuqa ekib, 2 ming odamni daromadli qilish vazifasi belgilandi.
Suv obyektlarini modernizatsiya qilish uchun Yaponiyadan 4,5 million dollar grant jalb qilingani ijobiy tajriba sifatida qayd etildi. Kelasi yil bunday grantlarni 100 million dollarga yetkazish topshirildi.
O‘tgan yili 30 milliard so‘m evaziga 276 ta suv nasosi energiya tejamkoriga almashtirilib, yiliga 16 million kilovatt-soat elektr tejalmoqda. 1-aprelgacha Qoraqalpog‘istondagi 59 ta, qolgan viloyatlardagi yana 200 ta nasos yangilanadi.
Qoraqalpog‘istonda 4 million 300 ming gektar yaylov yeri mavjud. Shundan 2,5 million gektaridan aholi daromadini oshirish va chorvani ko‘paytirish uchun yetarlicha foydalanilmayapti.
“Beruniy Agrostar” Qo‘ng‘irot, Beruniy va Chimboyda aylanmadan chiqqan 2 ming gektar yerni tiklab, ozuqa yetishtirishga moslashtirmoqda. Kelasi yili yana 5 ming gektar o‘zlashtiriladi. Bu 14 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasi bo‘ladi.
Bo‘zatovda ham 7,5 ming gektar yerni ozuqaga moslashtirish uchun 100 milliard so‘m ajratiladi. Ozuqa yetishtirishga har gektar uchun 500 ming so‘m subsidiya berish bo‘yicha o‘n kunda qaror kiritish topshirildi.
Misr tajribasini o‘rganish uchun 200 dan ziyod fermer, jumladan, qoraqalpog‘istonlik 26 nafar fermer ushbu davlatga yuborilgan. Dastlabki bosqichda Qoraqalpog‘istonning 20 ming gektar maydonida Misr tajribasi yo‘lga qo‘yiladi.
Cho‘l hududlarida ozuqa yetishtirishni ko‘paytirish uchun Misrdan mutaxassislar va texnologiyalar jalb etiladi. Chorvachilik uchun Osiyo taraqqiyot bankidan olinayotgan 60 million dollar kredit va 8 million dollar grant birinchi navbatda shu loyihaga yo‘naltiriladi.

