Prezident Yevraziya iqtisodiy komissiyasi hayʼati raisini qabul qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 oktyabr kuni Yevraziya iqtisodiy komissiyasi hayʼati raisi Baqitjan Sagʻintayevni qabul qildi.

Prezident Yevraziya iqtisodiy komissiyasi hayʼati raisini qabul qildi
Oʻzbekistonning kuzatuvchi mamlakat maqomida Yevraziya iqtisodiy ittifoqi bilan oʻzaro manfaatli hamkorligi izchil kengayayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
YEAII mamlakatlari bilan oʻzaro savdo va investitsiyalar hajmi barqaror ortib bormoqda, logistika aloqalari mustahkamlanmoqda.
Oʻzbekiston ittifoqning savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni rivojlantirish va iqlim kun tartibini oʻz ichiga olgan asosiy tarmoq dasturlarida faol ishtirok etmoqda.
Yevraziya iqtisodiy komissiyasi bilan qoʻshma ishchi guruhning toʻrtta yigʻilishi oʻtkazildi. Texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirish boʻyicha «yoʻl xaritasi» tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Yevraziya taraqqiyot bankining toʻla huquqli aʼzosi boʻldi, u bilan kooperatsiya loyihalari portfeli shakllantirildi.
Yil oxirigacha ishchi guruhning navbatdagi uchrashuvini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi. Savdo toʻsiqlarini kamaytirish, kooperatsiyani chuqurlashtirish, bojxona va transport protseduralarini raqamlashtirishga qaratilgan yangi Hamkorlik rejasini qabul qilish muhimligi taʼkidlandi.

