Prezident topshirig‘iga asosan podpolkovnik Dilnoza Redjabovaga polkovnik unvoni berildi

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, ichki ishlar tizimida qariyb 20 yildan beri xizmat qilib kelayotgan podpolkovnik Dilnoza Redjabovaga polkovnik unvoni berildi.
Dilnoza Redjabova Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati yetakchi mutaxassisi sifatida faoliyat yuritadi. U yo‘l harakati xavfsizligini targ‘ib qilish, aholiga yo‘l qoidalarini tushunarli yetkazish hamda yoshlarda xavfsiz harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan loyihalarda ishtirok etib kelmoqda.
Qayd etilishicha, Redjabova bir necha yil davomida O‘zbekistonning o‘quvchi yoshlardan iborat yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibotchilari guruhini tayyorlagan. Ushbu jamoa 2024-yilda Qirg‘izistonda va 2025-yilda Tojikistonda o‘tkazilgan xalqaro tanlovlarda II o‘rinni egallagan. 2026-yil avgust oyida Qozog‘istonda o‘tkazilgan “Yosh yo‘l harakati inspektorlari” xalqaro musobaqasida esa I o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-sentyabr kuni Toshkentning Olmazor tumaniga tashrifi chog‘ida 441-bog‘chada yaratilgan sharoitlar bilan tanishgandi. Muassasada yo‘l harakati xavfsizligi to‘garagi faoliyati ham tashkil etilgan.
Bu to‘garak haqida ma’lumot bergan Dilnoza Redjabovadan davlat rahbari tizimda necha yildan beri faoliyat yuritayotganini so‘ragan. Xodima 2005-yildan beri ichki ishlar organlarida ishlashini, 2017-yilda podpolkovnik bo‘lganini aytgach, prezident unga polkovnik unvoni berilishini aytgandi.
Unvon ichki ishlar vaziri boshchiligida o‘tkazilgan tadbirda unga tantanali ravishda topshirildi.

