Mahalliy

“Prezident sovg‘asi”da nimalar bor? Birinchi sinf o‘quvchilari uchun o‘quv qurollarini yetkazish boshlandi

**"Prezident sovg‘asi"da nimalar bor? Birinchi sinf o‘quvchilari uchun o‘quv qurollarini yetkazish boshlandi**

2026/27-o‘quv yili uchun mo‘ljallangan "Prezident sovg‘alari"ni birinchi sinf o‘quvchilariga yetkazish ishlari hududlarda boshlandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan press-turda "Daryo" muxbiri ham ishtirok etib, jarayon bilan yaqindan tanishdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘quv qurollari 15-avgustga qadar mamlakatning barcha hududlariga, 25-avgustga qadar esa qabul qilingan birinchi sinf o‘quvchilari soniga mos ravishda barcha maktablarga to‘liq yetkazib beriladi. "Prezident sovg‘alari" "Birinchi qo‘ng‘iroq" tadbirlaridan so‘ng o‘quvchilarga tantanali tarzda topshiriladi.

Birinchi sinf o‘quvchilari uchun tayyorlangan "Prezident sovg‘asi" 12 turdagi o‘quv qurolidan iborat. To‘plamga o‘quv sumkasi, 12 ta daftar, ruchka, 2 ta oddiy qalam, rangli qalamlar to‘plami, rangli qog‘oz, plastilin, rasm daftari, 2 ta o‘chirg‘ich, rangli akvarel bo‘yoqlari, yelim va qalamdon kiritilgan.

O‘quv qurollari davlat maktablari bilan bir qatorda nodavlat ta’lim muassasalari hamda boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi maktablarda tahsil oladigan birinchi sinf o‘quvchilariga ham yetkaziladi. Har bir bolani o‘quv qurollari bilan o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida adm.maktab.uz elektron platformasi orqali maktablar kesimida o‘quvchilar ro‘yxati shakllantirilgan.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodovning so‘zlariga ko‘ra, "O‘tgan yillarda bolalarga berilgan ‘Prezident sovg‘asi’ning sifati va chidamliligi bo‘yicha ota-onalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdik. Ularning fikrlari asosida mahsulotlar sifati va chidamliligiga alohida e’tibor qaratildi, barcha o‘quv qurollari belgilangan standartlar hamda sanitariya me’yorlari asosida tekshirildi. Shuningdek, Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan bu yil birinchi sinf o‘quvchilariga davlat ramzlari tasvirlangan brelok ham topshiriladi. Bu orqali bolalarda vatanga sadoqat, davlat ramzlariga hurmat va yurt bilan faxrlanish tuyg‘ularini yanada mustahkamlashni maqsad qilganmiz".

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi o‘quvchi sumkalarining og‘irligi yuzasidan jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘layotgan masalaga oydinlik kiritdi. Vazirlik vakili Qahramon Almardonovning maʼlum qilishicha, bu holatga faqat birgina omil sabab emas: "O‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, o‘quvchilar sumkasining og‘irligi faqat ‘Prezident sovg‘asi’ bilan bog‘liq emas. Ayrim ota-onalar bolalariga katta hajmli sumkalar olib beradi. Natijada sumkaga qo‘shimcha buyumlar, suv idishlari hamda dars jadvaliga kirmaydigan darslik va mashq daftarlari solinadi. Bu esa sumkaning og‘irlashishiga sabab bo‘ladi. Shu bois ota-onalardan farzandlarining sumkasiga kunlik dars jadvaliga mos o‘quv qurollarini joylashtirishni nazorat qilishini so‘raymiz".

2026/27-o‘quv yilida respublikadagi 10 ming 225 ta umumta’lim maktabida 550 mingdan ortiq pedagog 6,7 milliondan ziyod o‘quvchiga ta’lim berishi kutilmoqda. Yangi o‘quv yilida 795 mingdan ortiq bolaning 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan. 5-avgust holatiga ko‘ra, 680 ming nafardan ortiq bola maktabga qabul qilingan bo‘lib, bu rejaning 85 foizini tashkil etadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.