Prezident «Rosatom» korporatsiyasi bosh direktorini qabul qildi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 oktyabr kuni «Rosatom» Davlat atom energiyasi korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident «Rosatom» korporatsiyasi bosh direktorini qabul qildi.
«Diqqat markazida mamlakatimizda birinchi integratsiyalashgan atom elektr stantsiyasini qurish loyihasini amaliy roʻyobga chiqarish, shuningdek, ilgʻor texnologiyalar va bilimlar asosida tegishli infratuzilmani rivojlantirish masalalari boʻldi», — deyiladi xabarda.
Birinchi reaktor binosi poydevorini qurish va AESni loyihalash boʻyicha davom etayotgan ishlar mamnuniyat bilan qayd etilgani aniqlashtirilmoqda.
Soha uchun malakali kadrlar tayyorlashga, shu jumladan «MIFI» Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filiali bazasida va «Rosatom» obʼyektlarida kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, boʻlajak AES yaqinida energiya tejamkor uy-joylar, zamonaviy taʼlim, tibbiyot, sport muassasalari va boshqa qulay ijtimoiy infratuzilmaga ega boʻlgan atomchilar shahrini barpo etish boʻyicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi, deb aniqlik kiritdi matbuot xizmati.

