Prezident Qoraqalpogʻiston rahbarining unvonini general-mayor darajasiga koʻtardi
Oʻzbekiston Prezidenti Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi raisi Amanbay Orinbayevga general-mayor maxsus unvonini berdi. U Orinbayevning ichki ishlar organlari tizimidagi koʻp yillik mehnatini, Qoraqalpogʻistonni rivojlantirish, aholi farovonligi, xavfsizligi va osoyishta hayotini taʼminlashga qoʻshgan hissasini taʼkidlab oʻtdi.

Prezident Qoraqalpogʻiston rahbarining unvonini general-mayor darajasiga koʻtardi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi raisi Amanbay Orinbayevga general-mayor maxsus unvoni berilganini maʼlum qildi.
Davlat rahbari uning ichki ishlar organlari tizimidagi koʻp yillik samarali xizmatini, Qoraqalpogʻistonni har tomonlama rivojlantirish, aholi farovonligi, xavfsizligi va tinch-osuda hayotini taʼminlash, shuningdek, jamiyatda mehr-oqibat, totuvlik va hamjihatlikni asrash hamda mustahkamlashga qoʻshgan hissasini alohida taʼkidladi.
Amanbay Orinbayev 2022 yil avgust oxirida Murat Kamalov oʻrniga Joʻqorgʻi Kenges raisi etib saylangan edi.
Bungacha Amanbay Orinbayev besh oydan kamroq vaqt davomida Qoraqalpogʻiston IIVga rahbarlik qilgan, soʻngra bir muddat respublika Vazirlar Kengashi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan.
Undan avvalroq u uch oydan sal koʻproq vaqt davomida Oʻzbekiston IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Probatsiya xizmatiga rahbarlik qilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston IIV Jamoat tartibini saqlash xizmati boshligʻining birinchi oʻrinbosari va Nukus shahar ichki ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimlarida ishlagan.
2022 yil iyul oyi boshida Qoraqalpogʻistonda ommaviy namoyishlar boʻlib oʻtdi, ularni tarqatish paytida aholi va huquq-tartibot idoralari xodimlari orasida qurbonlar boʻldi.
Tartibsizliklarning sabablaridan biri sifatida aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga eʼtibor berilmagani aytilgan edi.

