Iqtisodiyot

Prezident Qarshidagi «Nasaf» brendi ostida qishloq xo‘jaligi texnikalari yig‘adigan korxonada bo‘ldi

Shavkat Mirziyoyev Qarshidagi «FM World» korxonasida traktorlar va qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarilishi bilan tanishdi

Prezident Qarshidagi «Nasaf» brendi ostida qishloq xo‘jaligi texnikalari yig‘iladigan korxonada bo‘ldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi «FM World» korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Xitoyning 500 ta yirik xususiy korxonasi qatoriga kiruvchi «Jiangsu World Group» korporatsiyasi tarkibidagi ushbu majmua to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga barpo etilgan.

Qiymati 20 mln dollar bo‘lgan loyiha 5 gektar maydonni egallaydi. Bu yerda 12 ming kvadrat metr ishlab chiqarish binolari qurilgan va 200 ta ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarishning ayrim jarayonlari avtomatlashtirilgan.

Korxonada «Nasaf» brendi ostida besh xil rusumdagi traktorlar, paxta terish mashinalari va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalari yig‘ilmoqda.

Traktorlar GPS, avtopilot, o‘g‘itlashni boshqarish va masofadan nazorat qilish tizimlari bilan jihozlangan. Bu dala ishlarini aniq bajarish, yonilg‘i va boshqa resurslar sarfini kamaytirishga xizmat qiladi.

Korxonada texnikalarga dala sharoitida xizmat ko‘rsatish, nosozliklarni oldindan aniqlash va ulardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha muntazam o‘quv mashg‘ulotlari ham o‘tkazilmoqda.

Hozirda traktorlarni yig‘ishda mahalliylashtirish darajasi 30 foizni tashkil etadi. Korxonaning o‘zida 138 turdagi detal va butlovchi qism ishlab chiqarilmoqda. Mahalliylashtirish darajasini bosqichma-bosqich oshirish uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni kengaytirish va mahalliy korxonalar bilan kooperatsiyani kuchaytirish muhimligi qayd etildi. Korxonada yillik eksport hajmini 50 mln dollarga yetkazish va mahsulotlarning 30 foizini qo‘shni davlatlarga yetkazib berish rejalashtirilgan.

Prezident ishlab chiqarish jarayoni va tayyor texnikalar bilan tanishdi.

— Shu paytgacha qishloq xo‘jaligi texnikalarini xorijdan olib kelardik. Bu esa tannarxga ta’sir qilardi. Qashqadaryoda fermerlarimizning ishini yengillashtiradigan zamonaviy texnikalarning o‘zimizda, o‘zimizning brendimiz ostida ishlab chiqarilishi bir paytlar orzu edi. Mahalliylashtirish — qishloq xo‘jaligidagi islohotlarimizning uzviy davomi. Bunday ishlarni izchil davom ettiramiz, — dedi davlat rahbari.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.