Prezident olimpiadasi gʻolib va sovrindorlariga beriladigan pul mukofotlari 2,5 baravarga oshiriladi
Olimpiadada gʻolib chiqqan va Oʻzbekiston rekordini yangilagan maktab bitiruvchilari oliy taʼlim muassasalarining sport yoʻnalishlariga imtihonlarsiz, davlat granti asosida oʻqishga kira olishadi.

Prezident olimpiadasi gʻolib va sovrindorlariga beriladigan pul mukofotlari 2,5 baravarga oshiriladi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikkinchi bor oʻtkazilayotgan Prezident olimpiadasining ochilish marosimida ishtirok etdi. Davlat rahbari yosh sportchilar, murabbiylar va sport sohasi vakillarini musobaqalar boshlangani bilan tabrikladi.
Prezident yosh sportchilarga murojaat qilar ekan, kuchli iroda va temir intizom tufayli chempionlik choʻqqilariga erishish mumkinligini taʼkidladi. U aynan shu narsa ilgari surilayotgan «Oʻz» gʻoyasining mazmuni ekanini qayd etdi.
«Oʻzingga ishon! Oʻz ustingda ishla! Oʻz vataningga munosib boʻl!» — dedi prezident.
Davlat rahbari xalqaro musobaqalarda Oʻzbekiston bayrogʻi koʻtarilib, davlat madhiyasi yangraganda, butun xalq oʻz sportchilari bilan faxrlanishini taʼkidladi.
Yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2027 yildan boshlab Prezident olimpiadasi gʻolib va sovrindorlariga beriladigan pul mukofotlari 2,5 baravarga oshiriladi.
Mukofot miqdori quyidagicha boʻladi:
birinchi oʻrin uchun — 25 mln soʻm;
ikkinchi oʻrin uchun — 12 mln soʻm;
uchinchi oʻrin uchun — 6 mln soʻm.
Bundan tashqari, Prezident olimpiadasi gʻolibi boʻlgan va Oʻzbekistonning yangi rekordini oʻrnatgan maktab bitiruvchilari oliy taʼlim muassasalarining sport yoʻnalishlariga kirish imtihonlarisiz, davlat granti asosida qabul qilinadi.

