Prezident intensiv baliqchilik loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi
Mamlakatimizda intensiv usuldagi baliqchilikni kengaytirib, yiliga 1 million tonna baliq yetishtirish vazifasi qo‘yilgan. Taqdimotda bu

Prezident intensiv baliqchilik loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev intensiv baliqchilik loyihalarini tezlashtirish hamda energotejamkor limonchilik issiqxonalarini barpo etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda intensiv usulda baliqchilikni kengaytirish va yiliga 1 million tonna baliq yetishtirish vazifasi belgilangan. Taqdimotda ushbu maqsadga erishish uchun meliorativ tik quduqlar imkoniyatlaridan foydalanish rejalari Baliqchi tumani misolida ko‘rib chiqildi.
Tumandagi 24 ta quduq atrofida chavoq va ozuqa ta’minotidan boshlab, baliq yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladigan intensiv baliqchilik majmualarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Har bir 50 sotixlik loyihada yiliga kamida 30 tonna forel balig‘ini yetishtirish va 10 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda.
Loyihalarni yagona tizimda boshqarish uchun baliqchilik xoldingini tuzish taklif etildi.
Baliqchi tajribasini boshqa hududlarga yoyish maqsadida 2027-yil 1-martga qadar respublikadagi 4 mingdan ziyod meliorativ tik quduqni xatlovdan o‘tkazish topshirildi. Baliq yetishtirishga yaroqli quduqlarni ilg‘or tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, Xonobodda sovuq suv baliqlarini yetishtirish va qayta ishlash, Ulug‘norda esa suv havzalari negizida baliqchilik loyihalarini amalga oshirish rejalari haqida axborot berildi.
Taqdimotning ikkinchi qismi Baliqchi tumani misolida limonchilikni rivojlantirishga bag‘ishlandi. Tumandagi to‘qqizta mahalla atrofidagi 100 gektar maydonda energotejamkor issiqxonalar qurib, ularni tayyor holatda tadbirkorlarga taklif etish rejalashtirilmoqda. Limon yetishtirish, saralash, qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va sotish ishlari yagona kooperatsiya zanjiriga birlashtiriladi.
Loyihaga ishsiz va kambag‘al oilalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 500 ta issiqxonada mahalliy oilalardan kamida 1 ming nafar kishi ish bilan ta’minlanadi. Limon ko‘chatlari hosilga kirguniga qadar oraliq ekinlar yetishtirish orqali qo‘shimcha daromad olish mumkin bo‘ladi.
Baliqchi tajribasi asosida kelgusi yil hududlarda jami 200 gektar maydonda kambag‘al oilalar va ishsizlar uchun energotejamkor issiqxona majmualarini barpo etish rejalashtirilgan. Bu ikki mingta oilaning daromadini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

