Iqtisodiyot

Prezident huzurida yoqilgʻi-energetika tarmogʻini rivojlantirish rejalari koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-sentabr kuni elektr energetikasini rivojlantirish istiqbollari va yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi loyihalarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Prezident huzurida yoqilgʻi-energetika tarmogʻini rivojlantirishga doir rejalar muhokama qilindi

Taqdimotda qayd etilishicha, 2030-yilga borib mamlakat iqtisodiyoti hajmini 300 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan, aholi soni esa 41 milliondan oshishi kutilmoqda.

Sanoatning oʻzida elektr energiyasi isteʼmoli 2030-yilgacha 38 milliard kilovatt-soatdan 53,5 milliard kilovatt-soatgacha koʻtarilishi prognoz qilinmoqda. Elektromobillar va data-markazlar rivoji ham tizimga qoʻshimcha yuklama yuklaydi. Shu sabab generatsiya quvvatlarini talabdan oldin rivojlantirish, elektr tarmoqlarining oʻtkazuvchanligini oshirish hamda yetarli zaxira quvvatlarini shakllantirish zarurligi taʼkidlandi.

Rejaga muvofiq, 2030-yilga borib mamlakatdagi generatsiya quvvatlari 46,1 gigavattga yetkazilib, yiliga qariyb 129 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. 2035-yilda esa quvvatlarni 57,2 gigavattga, yillik generatsiyani 154,7 milliard kilovatt-soatga yetkazish rejalashtirilgan.

Taqdimotda elektr energiyasi isteʼmolining turli oʻsish ssenariylari ham koʻrib chiqildi.

Hisob-kitoblarga koʻra, isteʼmol moʻʼtadil oshsa, 2030-yilgacha generatsiya va talab oʻrtasida yetarli muvozanat saqlanadi. Ammo iqtisodiyot, sanoat, elektr transport va raqamli infratuzilma tez surʼatlarda rivojlansa, qoʻshimcha generatsiya quvvatlariga ehtiyoj tugʻiladi.

Davlat rahbari energetika sohasidagi rejalar iqtisodiyotning yuqori oʻsish surʼatlarini inobatga olgan holda shakllantirilishi, tizimda doimo yetarli zaxira quvvati boʻlishi shartligini taʼkidladi.

Shundan kelib chiqib, qoʻshimcha shamol elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini barpo etish, amalga oshirilayotgan quyosh va shamol energetikasi loyihalarini jadallashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Ayni paytda iqtisodiy samaradorligi past, moliyalashtirish manbasi aniq boʻlmagan yoki uzoq vaqtdan beri kechikayotgan ayrim loyihalarni qayta koʻrib chiqish zarurligi qayd etildi. Yangi quvvatlarni tanlashda faqat ularning hajmi emas, balki elektr energiyasi tannarxi, tarmoqqa ulanish imkoniyati, energiya saqlash tizimlari bilan uygʻunligi va umumiy energobalansga taʼsiri asosiy mezon boʻlishi belgilandi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi ortib borgani sari energiya saqlash tizimlarining ahamiyati ham oshib bormoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.