Mahalliy

Prezident huzurida soğliqni saqlaş sohasidagi yirik investitsiya loyihalari körib çiqildi

Şavkat Mirziyoyev 28-oktabr kuni soğliqni saqlaş sohasiga investitsiya jalb qiliş, xususiy sektor iştirokini kengaytiriş va yirik tibbiyot obyektlarini barpo etiş yuzasidan taqdimot bilan tanişdi.

Prezident huzurida sog‘liqni saqlash sohasidagi yirik investitsiya loyihalari ko‘rib chiqildi

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, hozirda sog‘liqni saqlash sohasida umumiy qiymati 2,7 milliard dollar bo‘lgan 35 ta investitsiya loyihasidan iborat portfel shakllangan. Ular yangi ixtisoslashgan markazlar va ko‘p tarmoqli shifoxonalar qurish, mavjud tibbiyot muassasalarini zamonaviy jihozlash, zamonaviy kadrlar tayyorlashni qamrab oladi.

Yangi tibbiyot muassasalarini qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilishda ularning joylashuvi, quvvati hamda ko‘rsatadigan xizmatlari aholining ehtiyojiga mos bo‘lishi muhim. Taqdimotda investitsiya loyihalarini shu asosda shakllantirish, ularga xususiy sektorni jalb etish va tibbiyot muassasalarini boshqarishning yangi usullarini joriy qilish masalalariga e’tibor qaratildi.

Xususan, Milliy onkologiya markazi, Respublika nevrologiya va insult markazi, Toshkent viloyatida kattalar uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Qashqadaryo viloyatida yangi shifoxonalar hamda Nukus shahridagi onalar va bolalar markazini barpo etish, Termiz shahrida tibbiy ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, davlat-xususiy sheriklik modeli asosida Samarqand shahrida 800 o‘rinli shifoxona, Buxoro viloyatida ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Taqdimotda ushbu loyihalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi haqida ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan to‘qqizta istiqbolli loyiha bo‘yicha takliflar shakllantirilgan. Ular nevrologiya va insult, ruhiy salomatlik va narkologiya xizmatlari, bolalar onkologiyasi va gematologiyasi infratuzilmasini rivojlantirish, shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish, uning avtoparkini yangilash hamda tibbiy kadrlar tayyorlashni qamrab oladi.

Kelgusida tibbiyotga investitsiya jalb qilish sog‘liqni saqlash infratuzilmasining master-rejasi bilan bog‘lanadi. Shu asosda 2040-yilgacha mo‘ljallangan investitsiya strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi. Avvalo, amaldagi loyihalar xatlovdan o‘tkazilib, ularning dolzarbligi va amalga oshirish imkoniyatlari baholanadi. Keyin hududlar ehtiyojiga mos loyihalar tanlanib, ularning investitsiya pasportlari va yagona portfeli shakllantiriladi. Strategiya xususiy investorlar, xalqaro moliya institutlari va donorlar bilan ishlashda ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beradi.

Tibbiyot muassasalari faoliyatiga xususiy sektorni jalb qilishning muhim yo‘nalishi – autsorsing. Kelgusi yildan amal qiladigan yangi tartibga ko‘ra, muassasalar ayrim tibbiy va yordamchi xizmatlarni xususiy tashkilotlardan xarid qilishi mumkin bo‘ladi. Bunda xizmat ko‘rsatuvchi bilan uzoq muddatli shartnoma tuzish, xizmat hajmi va sifatini oldindan belgilash, natijani aniq mezonlar asosida baholash taklif etilmoqda. 2030-yilga borib xizmatlar xaridida autsorsing ulushini 30 foizga yetkazish maqsad qilingan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.