Prezident Andijondagi gastronomik koʻcha va yoʻl oʻtkazgichni koʻzdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijonda uzunligi 1,2 km boʻlgan gastronomik koʻcha bilan tanishdi. Loyiha qiymati 18 mlrd soʻmni tashkil etdi. U shuningdek, vokzal yaqinidagi qiymati 271 mlrd soʻmlik yoʻl oʻtkazgichni koʻzdan kechirdi. U tufayli shoshilinch tibbiy yordam markazigacha boʻlgan yoʻl 14 daqiqaga qisqardi.

Prezident Andijondagi gastronomik koʻcha va yoʻl oʻtkazgichni koʻzdan kechirdi
Chorshanba kuni kechqurun Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijonda tashkil etilgan gastronomik koʻcha bilan tanishdi.
Uzunligi 1,2 km boʻlgan loyiha Mashrab va Sariqoʻy koʻchalarini qamrab oldi. Uning qiymati 18 mlrd soʻmni tashkil etdi. Ushbu mablagʻdan 8 mlrd soʻmi respublika byudjetidan ajratildi, 10 mlrd soʻmi esa tadbirkorlar mablagʻlari hisobidan shakllantirildi.
Koʻchada keng piyodalar yoʻlaklari barpo etilib, zamonaviy landshaft dizayni yaratildi, favvoralar va yoritish tizimlari oʻrnatildi.
Hozirda bu yerda 35 ta savdo obʼyekti joylashtirilgan boʻlib, ularning bir qismi tunu kun ishlashga moʻljallangan. Koʻcha kuniga 10 mingdan ortiq aholi va turistlarni qabul qilish imkoniyatiga ega.
Davlat rahbari koʻcha boʻylab piyoda yurib, aholi va tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.
Oʻtgan haftada Shavkat Mirziyoyev Nukusda boʻlib, u yerda ham obodonlashtirilgan koʻchani borib koʻrgan edi.
Shu kunning oʻzida Prezident Andijon vokzali yaqinidagi yangi yoʻl oʻtkazgichni koʻzdan kechirdi. Inshoot Boburshoh koʻchasining ikki qismini birlashtirdi.
Qiymati 271 mlrd soʻm boʻlgan yoʻl oʻtkazgichning uzunligi 796 metrni tashkil etadi, shundan estakada qismi 596 metr, kengligi esa 26 metrdir.
Xabar qilinishicha, ushbu inshoot tufayli bemorlarni shoshilinch tibbiy yordam markaziga 14 daqiqa tezroq yetkazish imkoniyati yaratildi — yoʻnalish 15 kmdan 9,3 kmgacha qisqardi.

