Prezident administratsiyasining huquqiy maqomi belgilandi
O‘zbekistonda Prezident administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, vakolatlari va faoliyatini tashkil etish tartibi konstitutsiyaviy qonun bilan belgilab qo‘yildi. Administratsiya bevosita prezidentga bo‘ysunadi va unga hisobdor bo‘ladi.

Prezident administratsiyasining huquqiy maqomi belgilandi.
2026-yil 6-avgustda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va 7-avgustda Senat tomonidan ma’qullangan «O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun kuchga kirdi.
Ushbu qonunga ko‘ra, Prezident administratsiyasi davlat boshlig‘ining vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlovchi davlat organi hisoblanadi. Shuningdek, u Prezidentga davlat hokimiyati organlarining kelishilgan faoliyatini va o‘zaro hamkorligini ta’minlashda yordam beradi.
Administratsiya Prezidentning farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari ijrosi doirasida davlat organlari, tashkilotlari hamda davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini muvofiqlashtiradi. Mazkur hujjatlarning ijrosini monitoring qilish va nazoratini tashkil etish ham uning vakolatiga kiradi.
Administratsiya yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi. Uning faoliyati Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi, inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligi, xolislik, mustaqillik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplariga asoslanadi.
Prezident administratsiyani shakllantiradi. Unga Prezident tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Administratsiya rahbari boshchilik qiladi. Administratsiya o‘z faoliyatini Prezident belgilagan asosiy yo‘nalishlar doirasida amalga oshiradi.
Qonun bilan Administratsiyaning asosiy vazifalari ham belgilandi. Jumladan, u mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishini tahlil qiladi, Prezident tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni ta’minlashda va yangi muhim tashabbuslarni ishlab chiqishda ishtirok etadi. Shuningdek, qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishi hamda sud-huquq tizimini isloh qilishga ko‘maklashadi.
Bundan tashqari, Administratsiya aholi va tadbirkorlik sub’yektlari bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, yagona davlat kadrlar siyosati amalga oshirilishini ta’minlash hamda Prezident hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va nazorat qilish vazifalarini ham bajaradi.

