Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrov qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Xususiy bog‘cha tashkil

Prezident o‘z nutqida 7 ta milliy dasturni e’lon qildi.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishga qaratilgan. Unga ko‘ra, 6 yoshli bolalarni tayyorlov guruhlariga qamrab olish qisqa muddatda 100 foizga yetkaziladi, xususiy bog‘cha tashkil etish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlanib qolinadi. Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi. Texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlari joriy etilib, yoshlarni yuqori daromadli kasblarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi va qamrov 1 millionga yetkaziladi. Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Ikkinchi milliy dastur xalq salomatligi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlari kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi. Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi. Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi olib kelinadi.
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish. Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi. Yoshlarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi. Kichik biznesni o‘rta biznesga, o‘rta korxonalarni esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylantirish uchun yaxlit ekotizim yo‘lga qo‘yiladi. Bular hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi. Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqish umummilliy marraga aylanadi.
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi. Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat. Prezidentning ta’kidlashicha, buning uchun huquqiy tarbiya maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yiladi. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlar qat’iy davom ettiriladi. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralar yanada kuchaytiriladi. "Yashirin iqtisodiyot", uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurash yangi bosqichga ko‘tariladi.
Odamlarning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi. Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi. Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat. Ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosat uzoq muddatli taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan.

