Mahalliy

Poytaxt va unga tutash hududlardagi issiqxonalarga faqat gaz, elektr va boshqa xavfsiz energiyadan foydalanishga ruxsat berildi

O‘zbekiston hukumati Toshkent shahri va unga tutash beshta tumandagi issiqxonalar uchun maxsus ekologik rejim joriy etdi. Ularga faqat gaz, elektr, geotermal, quyosh va ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalangan holda ishlashga ruxsat berildi. Ko‘mir issiqxonalari dekabrga qadar modernizatsiya qilinishi kerak.

Poytaxt va unga yaqin hududlardagi issiqxonalarga faqat gaz, elektr hamda boshqa xavfsiz energiya manbalaridan foydalanishga ruxsat berildi

Hukumat 586-sonli qaror bilan Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxona xo‘jaliklarining ekologik xavfsiz faoliyatini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni tasdiqladi.

Hujjatga muvofiq, poytaxt hududida, shuningdek, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida (maxsus hudud) issiqxona xo‘jaliklari uchun alohida ekologik rejim joriy etildi.

Maxsus hududda isitish tizimi o‘rnatilgan issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini faqat tabiiy gaz (shu jumladan, suyultirilgan), elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan ikkilamchi issiqlik energiyasi asosida yuritishi mumkin. Bunda davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi bo‘lishi shart.

Qattiq yoqilg‘idan (ko‘mir, biomassadan tayyorlangan briket va pelletlar) foydalanayotgan issiqxona xo‘jaliklari 1-dekabrgacha isitish tizimlarini yuqorida ko‘rsatilgan energiya turlariga o‘tkazib, faoliyatini davom ettirishi kerak.

Issiqxona xo‘jaliklariga qattiq yoqilg‘idan faqat quyidagi talablarning barchasi bir vaqtning o‘zida bajarilganda foydalanishga ruxsat etiladi:

Maxsus hududda faoliyat yuritayotgan issiqxona xo‘jaliklarida shinalar, bitum, mazut, plastmassa va polimer plyonkalar, sintetik karton, rezina, jun tolasi, ishlatilgan moylar, maishiy va ishlab chiqarish chiqindilari hamda shunga o‘xshash tarkibli materiallarni yoqilg‘i sifatida yoqish qat’iyan man etiladi.

Qarorga ko‘ra, maxsus hududdagi issiqxona xo‘jaliklarini ekologik modernizatsiya qilish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatiladi.

Xususan, 2028-yil 1-yanvargacha chang-gaz tozalash uskunalari, qozonxona qurilmalari, energiya tejovchi ekranlar, energiya samarador texnologiyalar, shuningdek, elektr, geotermal va quyosh energiyasida hamda kogeneratsiya asosida ishlaydigan isitish uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 50 foizi miqdorida subsidiya berilishi ko‘zda tutilgan. Subsidiya miqdori issiqxona xo‘jaligining har bir gektari uchun 50 mln so‘mdan oshmasligi kerak.

2026−2027-yillarda elektr, geotermal va quyosh energiyasidan, shuningdek, kogeneratsiyadan foydalanadigan isitish tizimlariga o‘tish loyihalarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari orqali milliy valyutada 3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 7 yil muddatga yillik 14 foizlik stavkada (shundan 4 foizi bank marjasi) kreditlar ajratiladi. Kredit miqdori loyiha qiymatining 50 foizigacha, biroq har bir gektar uchun 3 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda bo‘ladi.

Bundan tashqari, avtomatik monitoring stansiyalarini (CEMS) xarid qilishni istagan issiqxona xo‘jaliklariga bitta stansiya uchun 350 mln so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.

Moliyalashtirish Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi tasdiqlagan texnik talablarga rioya qilingan holda, foizsiz 5 yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan uch tomonlama shartnoma asosida amalga oshiriladi. Bunda mablag‘ oluvchilar stansiyalarni o‘rnatish, ularni qo‘mitaning axborot tizimiga integratsiya qilish va ma’lumotlarning uzluksiz uzatilishini ta’minlash majburiyatini oladi.

Stansiyalarni o‘rnatish, ularni Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimi bilan integratsiya qilish, monitoring ma’lumotlarini uzluksiz uzatishni ta’minlash yoki to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha shartnoma majburiyatlari bajarilmasa, yozma ogohlantirishdan so‘ng stansiyalarni demontaj qilish va shartnomada belgilangan tartibda qaytarib olish choralari ko‘riladi. To‘lov muddati kelgan qarzdorlik bezaksept tartibda undiriladi.

Atmosfera havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan yoqilg‘idan foydalangan holda issiqlik ishlab chiqaradigan boshqa tarmoqlardagi qozonxona qurilmalari uchun ham ekologik normativlar belgilanadi. Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalar o‘z faoliyatining ekologik xavfsizlik darajasiga qarab “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi. Tegishli talablar qonunchilikda mustahkamlanadi.

Shu bilan birga, 2030-yil 1-yanvargacha issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish va modernizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan hamda O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalarni olib kirishda bojxona bojidan ozod etish imtiyozi beriladi. Imtiyoz chang-gaz tozalash uskunalari, energiya samarador qozonlar, kogeneratsiya qurilmalari, geotermal va quyosh energiyasidan foydalanish uchun mo‘ljallangan uskunalar, chiqarindilarni avtomatik monitoring qilish tizimlari, shuningdek, ularning butlovchi qismlariga tatbiq etiladi.

Qarorga ko‘ra, issiqxonalarning isitish tizimlari filtrlarida hosil bo‘ladigan xavfli suyuq chiqindilar, shuningdek, gidroponika oqova suvlari (filtratlar) tozalanib, texnik suv sifatida qayta foydalanishga yo‘naltiriladi. Buning uchun 2027-yil 1-yanvargacha Ohangaron tumanidagi ekosanoat hududida filtratlarni vaqtincha saqlash suv ombori qurilib, foydalanishga topshiriladi.

2027-yil 1-iyungacha tanlov asosida filtratlarni qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan korxona aniqlanadi. Toshkent viloyati hokimligi joriy yilning 1-noyabriga qadar ekosanoat hududidan yer maydoni ajratishi kerak.

Filtratlarni vaqtincha saqlash rezervuarini qurish shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya qilingan holda, loyiha hujjatlari asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilishiga ruxsat beriladi. Issiqxona xo‘jaliklari mulkchilik shaklidan qat’i nazar, o‘zlarida hosil bo‘ladigan filtratlarni belgilangan tariflar bo‘yicha ushbu operatorga topshirishlari shart.

“Issiqxona xo‘jaliklarini ekologik modernizatsiya qilish Toshkent shahri va unga tutash hududlarda atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning muhim bosqichidir. Zamonaviy tozalash tizimlari, avtomatik monitoring vositalari va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish ekologik yuklamani kamaytirish hamda issiqxona xo‘jaligini rivojlantirishning yanada barqaror modelini shakllantirish uchun sharoit yaratadi”, — deya qayd etdi Ekologiya qo‘mitasi.

“Asosiy vazifa — tadbirkorlikni rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish va fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqi o‘rtasida muvozanatni ta’minlash”, deya ta’kidladi idora.

Shu oy boshida Ekologiya qo‘mitasi issiqxonalar vakillari havoni tozalash uchun maxsus filtrlar o‘rnatish sharti bilan o‘z faoliyatlarini saqlab qolishni taklif qilganini xabar qilgan edi. Qo‘mitaga bunday filtrning namunasi taqdim etilgan, biroq u tekshiruvdan o‘tmagan.

2025-yil noyabrida Toshkentda havo sifati yomonlashgani fonida poytaxt va unga tutash hududlardagi barcha issiqxonalarni zudlik bilan gaz isitish tizimiga o‘tkazish haqida qaror qabul qilingan edi. Mart oyida esa joriy yilning 1-oktabridan poytaxt va yon-atrofdagi tumanlarda yangi issiqxonalar tashkil etishga cheklovlar joriy etilishi ma’lum qilingandi.

2026-yil iyunida havo sifatini yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya Toshkent viloyatida issiqxonalarni demontaj qilish va ularni sun’iy isitish tizimlaridan uzishga kirishdi. Tadbirkorlarga xo‘jaliklarini Surxondaryo viloyatidagi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chirish taklif etildi.

Yoz oxirida Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov Gazeta`ga bergan intervyusida poytaxt mintaqasida ishini davom ettirishni istagan issiqxona xo‘jaliklari uchun chiqarindilarni tozalagan holda ruxsat berilgan yoqilg‘i turlaridan foydalanish va filtrlar o‘rnatish imkoniyati ko‘rib chiqilayotganini aytgan edi. U, shuningdek, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlari haqida ham ma’lumot bergandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.