Iqtisodiyot

Polsha Venesuela neftini kriptovalyuta bilan sotib olishga urinib, 230 mln dollar yo‘qotdi

Polsha Venesuela neftini kriptovalyuta orqali sotib olishga urinishda 230 mln dollar yo‘qotdi

Polshaning eng yirik neft kompaniyasi Orlen Venesuela xomashyosini Dubaydagi treyder orqali xarid qilishga urinib, katta moliyaviy zarar ko‘rdi. Mamlakat 230 million dollar oldindan to‘lov qilgan va mablag‘ning bir qismini kriptovalyutaga aylantirgan. Ammo va’da qilingan neft deyarli yetkazib berilmagan.

Bitim 2023-yil noyabrida Orlen’ning Shveysariyadagi sho‘ba korxonasi — OTS va Dubayda joylashgan Hannon International kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan edi. OTS 345 million dollarga 6 million barrel Venesuela neftini sotib olishga kelishgan.

Shartnoma shartiga ko‘ra, summaning uchdan ikki qismi oldindan to‘lanishi kerak edi. OTS shartnoma imzolangach, besh kun ichida Hannon hisobiga 230 million dollar o‘tkazgan. Bu kelishuv AQSH Venesuela neftiga nisbatan sanksiyalarni vaqtincha yumshatgan davrda amalga oshirilgan.

Venesuelaning PDVSA davlat neft kompaniyasi bank sanksiyalari tufayli to‘lovlarni USDT kriptovalyutasida talab qilgan. Shu sabab Hannon Polshadan olgan pullarni kriptovalyutaga aylantirishga majbur bo‘lgan. Kriptovalyuta operatsiyalari va turli kompaniyalar orqali o‘tkazish jarayonida millionlab dollar yo‘qolgan.

2024-yil yanvarida Hannon rahbari Karakasga borib, vositachilarga umumiy qiymati 132 million dollarga teng USDT kriptovalyutasi solingan fleshkalarni topshirgan. Biroq vositachilar tez orada aloqaga chiqmay qo‘ygan va neft baribir berilmagan.

Shu orada Polsha yollagan uchta yirik supertanker Venesuela qirg‘oqlarida neft yuklanishini behuda kutib turgan. Neft yetkazib berilmagani sababli kemalarning sohilda bekor turishi uchun to‘lanadigan jarima va xarajatlar 72 million dollardan oshib ketgan. Keyinchalik faqat bitta kema mo‘ljallangan hajmdagi neftning yarmini, taxminan 500 ming barrelni olishga muvaffaq bo‘lgan.

2024-yil martida Polshadagi hokimiyat va kompaniya rahbariyati almashgach, Orlen’ning yangi rahbariyati ushbu shartnomani bekor qilgan. Polsha hukumati hisob-kitobiga ko‘ra, kompaniyaning barcha huquqiy va transport xarajatlari bilan birga ko‘rgan umumiy zarari 1,6 milliard zlotiy yoki 424 million dollardan oshgan.

Hozir Polsha prokuraturasi OTS kompaniyasining sobiq rahbarlariga nisbatan xizmat vakolatini suiiste’mol qilish va noqonuniy boshqaruv bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Mamlakat bosh vaziri Donald Tusk bu mojaro yuzasidan keng ko‘lamli tekshiruv boshlanganini va barcha tafsilotlar jamoatchilikka ochiqlanishini bildirgan. Polsha hozirgacha yo‘qotilgan 230 million dollarlik bo‘nak pulini qaytarishga urinmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuelaning neft zaxiralari Qo‘shma Shtatlar nazoratiga o‘tganini e’lon qilgandi. Tomonlar o‘rtasidagi kelishuv 17 ta strategik neft konini qamrab olgan. Ulardagi tasdiqlangan zaxiralar 65 mlrd barreldan oshadi, loyihalarga esa qariyb 100 mlrd dollar xususiy investitsiya kiritilishi kutilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.