Polsha Ukrainani polyaklar qabrlarini qazishda aybladi

Polsha Ukrainani polyaklar qabrlarini noqonuniy qazishda aybladi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
Polshaning “Huquq va adolat” (PiS) partiyasi rahbari va muxolifat yetakchisi Yaroslav Kachinskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning g‘arbiy qismida, sobiq polyak qishloqlari o‘rnida noqonuniy qazishmalar olib borilmoqda.
Bu holat Sharqiy Gallitsiya tarixiy viloyatida sodir bo‘lmoqda. Ushbu hudud Ukrainaning Lvov, Ivano-Frankovsk va Ternopol viloyatlarining bir qismini o‘z ichiga oladi. Viloyatning markazi Lvov shahri hisoblanadi.
XIII asrda bu yerda qadimgi rus Gallitsiya-Volin knyazligi joylashgan edi. Keyinchalik bu hududlar Polsha, Avstriya-Vengriya tarkibida bo‘lgan. Urushlar oralig‘idagi davrda yana Polsha tarkibiga kirgan. 1939-yilda esa Sharqiy Gallitsiya Ukraina SSR tarkibiga qo‘shib olingan.
Kachinskiyning ta’kidlashicha, “qora qazuvchilar” qabrlarni talab, moddiy manfaat uchun qimmatbaho buyumlarni olib ketmoqda va shu bilan marhumlar xotirasiga hurmatsizlik qilmoqda. Siyosatchining fikricha, bu ishlar mahalliy Ukraina hokimiyatining roziligi bilan sodir bo‘lmoqda.
“Noma’lum qora qazuvchilar guruhi daromad olish maqsadida marhumlarning xokini haqorat qilmoqda. Volin qirg‘ini qurbonlariga tegishli taqinchoqlarni talamoqda. Bularning barchasi mahalliy Ukraina hokimiyatining ruxsati bilan yuz bermoqda”, deya uning so‘zlarini keltirdi nashr.
Bunga javoban “Huquq va adolat” partiyasi rasmiy surishtiruv boshlamoqchi. Kachinskiy Polsha manfaatlarini himoya qilish uchun Tashqi ishlar vazirligi va boshqa muhim davlat organlariga murojaat qilishini bildirdi.
Yaroslav Kachinskiy aviahalokatda qurbon bo‘lgan prezident Lex Kachinskiyning egizak ukasidir. Shuningdek, u Ikkinchi jahon urushi faxriysining o‘g‘li hisoblanadi. Siyosatchi Kiyevni UPA (Ukraina qo‘zg‘olonchilar armiyasi)ni ulug‘lagani uchun keskin tanqid qilib keladi. U tarixiy bahslar hal etilmagunicha va polyak fermerlari manfaati himoya qilinmagunicha Ukrainaning Yevroittifoqqa kirishi bo‘yicha muzokaralarni bloklashga chaqirmoqda.
Avvalroq Polsha bosh vaziri Donald Tusk mamlakati Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini, biroq yangi yirik harbiy yordam paketini ajratish masalasida ehtiyotkor yondashishini ma’lum qilgandi. Bosh vazir Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam zarurligini tan olgan holda, Polsha o‘zining Yevropa Ittifoqi va NATO oldidagi majburiyatlarini ham unutmasligi kerakligini ta'kidlagan.

