Poliklinika mudiri oʻrinbosari 1 500 dollar bilan ushlandi
Navoiy viloyatida tibbiyot muassasasi mansabdori fuqaroni hamshira lavozimiga ishga joylashtirib berish evaziga 1 500 dollar olgan vaqtda ushlangani aytilmoqda. Holat yuzasidan firibgarlik moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Poliklinika mudiri oʻrinbosari 1 500 dollar pora bilan qoʻlga olindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Nurota tumani boʻlimi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida Gʻozgʻon shahar tibbiyot birlashmasi Markaziy poliklinikasi mudiri oʻrinbosari F.T. fuqaro O.A.ni shahar tibbiyot birlashmasiga hamshira lavozimiga ishga kiritishni vaʼda qilgan.
U ushbu xizmati evaziga 1 500 AQSH dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida F.T. soʻralgan pulni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

