Pokistonning Afg‘oniston bilan chegarasida portlash yuz berdi: 12 kishi halok bo‘ldi (video)

Pokistonning Afg‘oniston bilan chegarasida portlash sodir bo‘ldi: 12 kishi halok bo‘ldi (video)
26-sentyabr kuni Pokiston shimoli-g‘arbidagi Dera Ismoil Xon tumanida kuchli portlash yuz berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida to‘qqiz nafar erkak, ikki nafar ayol va bir nafar bola bor.
Dera Ismoil Xon tumani Afg‘oniston bilan chegaradosh Xayber-Paxtunxva viloyatida joylashgan. Bu hududda jangarilar hujumlari tez-tez kuzatiladi. Ular odatda politsiya va xavfsizlik kuchlarini nishonga oladi.
Politsiya hamda Rescue 1122 xizmati vakillarining aytishicha, noma’lum portlovchi moddalar yuklangan traktor tirkamasi nazorat punktiga borib urilgan. Tuman politsiya boshlig‘i Ziyovuddin Ahmad bu xudkushlik portlashi ekanini tasdiqladi. Rasmiylar hujum ortida “Tahriki Tolibon Pokistan” guruhi turganini bildirdi.
Portlash nazorat punktining katta qismini vayron qilgan va uning yonidagi bir uyni yer bilan yakson qilgan. Mahalliy rasmiylar hamda aholining so‘zlariga ko‘ra, portlash shu qadar kuchli bo‘lganki, u uzoq masofalardan ham eshitilgan. Portlashdan keyin hududda kuchli otishma tovushlari ham eshitilgan.
Sentyabr oyida bu tumanda xavfsizlikka oid ko‘plab hodisalar, jumladan, “Tahriki Tolibon Polkiston” ishtirokidagi hujumlar davom etmoqda. Pokiston 24-sentyabr kuni Afg‘onistondagi dronlarni uchirish va saqlash uchun mo‘ljallangan 10 ta nishonga havo hujumlarini amalga oshirgandi. Rasmiylar buni 23-sentyabr kuni Afg‘oniston hududidan dronlar uchirilgani va bu Pokiston suverenitetini buzganini bilan izohlagan.

