Dunyo

Pokistonda maktab tomi quladi. Oʻnlab qurbonlar bor

Hodisa vaqtida maktabda 100 dan ortiq oʻquvchi boʻlgan.

Pokistonda maktab tomi qulab tushdi. Oʻnlab qurbonlar bor

15-oktabr kuni Pokiston shimoli-gʻarbidagi Peshovar shahrida joylashgan xususiy maktab tomining qulashi oqibatida oʻnlab oʻquvchilar hayotdan koʻz yumdi.

Reuters xabariga koʻra, hodisa vaqtida ikkinchi va uchinchi sinf oʻquvchilari boʻlgan 34 nafar bola vayronalar ostida qolib ketgan, qurbonlar orasida bir oʻqituvchi ham bor.

Yana 50 kishi turli darajada jarohat olgan, ulardan bir nechasining ahvoli ogʻir.

Shifoxona maʼlumotiga koʻra, halok boʻlgan va jarohatlangan bolalarning barchasi 6 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan.

Qutqaruv xizmati vakili aytishicha, maktabning uchinchi qavati tomi oʻpirilib, uchinchi va ikkinchi qavatlar orasidagi yopma ustiga tushgan, soʻng ular birgalikda sinfxonalardagi oʻquvchilar ustiga qulagan.

Qutqaruvchilar voqea joyiga besh daqiqa ichida yetib kelishgan, bir necha soatdan soʻng qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlangan.

Peshovar politsiyasi boshligʻi Mian Said maktabda 110 nafar oʻquvchi boʻlganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, maktab mustahkam boʻlmagan binoda faoliyat yuritib kelgan. Maktab egasi hibsga olingan, u yuz bergan hodisada tomga tushayotgan yukni oshirgan yomgʻirni ayblamoqda.

Associated Press nashri Pokistonda binolarning bunday qulashi tez-tez sodir boʻlishiga, chunki qurilishda koʻpincha sifatsiz materiallardan foydalanilishiga eʼtibor qaratgan. Biroq bugungi fojia mamlakat tarixidagi eng yirik fojia boʻldi.

Mahalliy rasmiylar voqea sabablarini tekshiradigan komissiya tuzilganini eʼlon qildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.