Pokiston Samarqanddagi shaxmat olimpiadasida Isroilga qarshi o‘ynashdan bosh tortdi

**Pokiston Samarqanddagi shaxmat olimpiadasida Isroilga qarshi bahsdan voz kechdi**
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining ilk turida Pokiston terma jamoasi Isroil vakillariga qarshi o‘ynashdan bosh tortdi. To‘rtta doskaning barchasida partiyalar o‘tkazilmagani sabab Pokistonga texnik mag‘lubiyat yozildi, Isroil esa 4:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Pokiston shaxmat federatsiyasi (CFP) rahbariyati bu qaror mamlakat hukumatining rasmiy siyosatiga mos kelishini va Falastin xalqi bilan birdamlik ifodasi sifatida qabul qilinganini bildirdi.
“Biz davlat sifatida tan olmaydigan mamlakat bilan qanday qilib o‘ynashimiz yoki aloqa qilishimiz mumkin? Bu bizning davlat siyosatimiz. Biz bu yerda Pokiston nomidan ishtirok etyapmiz va uning yo‘riqnomalariga amal qilishimiz shart. Bu qarorimiz biror sportchiga yoki sport tamoyillariga qarshi qaratilmagan”, dedi federatsiya bosh kotibi Gavhar Iqbol ChessBase India nashriga bergan intervyusida.
Shuningdek, federatsiya prezidenti Said Zeeshan Naqvi bu boykot orqali falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash maqsad qilinganini alohida ta’kidladi.
Qayd etilishicha, Pokiston jamoasi Isroilga qarshi o‘yinga birorta ham sportchisini tushirmagan. Shunga qaramay, terma jamoa musobaqadagi ishtirokini boshqa raqiblarga qarshi davom ettirmoqda.

