Pokiston armiyasi bosh qo‘mondoni Eron bilan muzokaralar uchun Tehronga boradi — Reuters

Reuters xabariga ko‘ra, Pokiston armiyasi bosh qo‘mondoni Asim Munir 24-avgust, dushanba kuni Tehronga tashrif buyuradi. Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiyning ma’lum qilishicha, ushbu tashrif mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni davom ettirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Agentlikka Pokiston hukumatining ikki manbasi Munirning Tehronga tashrifini tasdiqlagan. Ulardan birining so‘zlariga ko‘ra, Eron va Pokiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa mavjud. Ikkinchi manba esa muzokaralarda mintaqadagi mojaroga oid so‘nggi voqealar, jumladan, AQSH prezidenti Donald Trampning Eronga qarshi yanada qattiq sanksiyalar joriy etish tahdidi ham muhokama qilinishini bildirgan.
Manbaning ta’kidlashicha, Munir Eron rahbariyati bilan Islomobodning anglashuv memorandumi doirasidagi tinchlik masalalari, Trampning ogohlantirishi, Pokiston—Turkiya—Saudiya Arabistoni kelishuvidan keyingi vaziyat hamda husiylar bilan bog‘liq masalalarni muhokama qiladi.
Munirning tashrifi Eron va AQSH o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Tehron AQSH tomonidan rejalashtirilayotgan sanksiyalarga javoban harbiy choralar ko‘rish ehtimoli haqida ogohlantirmoqda.
AQSH rasmiylari dushanba kuni Eronga qarshi rejalashtirilayotgan yangi sanksiyalar tafsilotlarini e’lon qilishi kutilmoqda. Vashington bu choralarni “tarixdagi eng qattiq sanksiyalar” deb atagan. Donald Tramp Eronni xalqaro miqyosda yakkalashga urinayotgan bir paytda, Tehronga “har qanday yordam” ko‘rsatadigan davlatlar iqtisodiy oqibatlarga duch kelishi haqida ogohlantirgandi.
Ayni paytda Eron iqtisodiyoti sanksiyalar bosimi ostida qolmoqda. Hormuz bo‘g‘ozida neft tashish bilan bog‘liq vaziyat ham keskinlashgan. Tehron strategik suv yo‘lidan ruxsatsiz o‘tishga urinadigan har qanday neft tankeriga zarba berish bilan tahdid qilmoqda. Shu sababli Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashish deyarli to‘xtab qolgan.
Pokiston so‘nggi vaqtlarda Eron va AQSH o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik rolini o‘z zimmasiga olgan. Munirning Tehronga tashrifi ham ushbu diplomatik sa’y-harakatlarning davomi sifatida ko‘rilmoqda.
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH bilan urushni hozir, mamlakat kuchli pozitsiyada turgan paytda yakunlash kerakligini aytgandi. Pezeshkiyon AQSHning Erondagi maktablar, shifoxonalar va infratuzilma obyektlariga zarba berganini tilga olib, bu harakatlar Vashingtonning xalqaro maydondagi obro‘siga zarar yetkazganini aytgan. Shu bilan birga, u urushni tugatish istagi Eronning harbiy bosim oldida chekinishini anglatmasligini, Tehron yangi hujumlarga javob qaytarishga tayyor ekanini bildirgan.

