«Poi Kalon» majmuasini restavratsiya qilish rejalashtirilmoqda
Oʻzbekiston va YUNESKO Buxorodagi “Poi Kalon” meʼmoriy majmuasini restavratsiya qilish hamda “Shahriston” hududida ochiq osmon ostidagi arxeologik muzey tashkil etish boʻyicha qoʻshma loyihalarni muhokama qildi.

«Poi Kalon» majmuasini restavratsiya qilish rejalari ilgari surilmoqda
YUNESKO huzuridagi Oʻzbekistonning doimiy vakili Kamol Muxtorov tashkilotning Butunjahon merosi markazi direktori Lazar Elundu Assomo bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Suhbat davomida Oʻzbekistonning madaniy meros obyektlarini himoya qilish va asrab-avaylash yoʻnalishidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, yangi qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda Buxorodagi “Poi Kalon” meʼmoriy majmuasini restavratsiya qilish hamda “Shahriston” hududida ochiq osmon ostidagi arxeologik muzey tashkil etish rejalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, joriy yilning may–iyun oylarida Buxoroda faoliyat yuritgan xalqaro ekspertlar missiyalari natijalari koʻrib chiqilib, ushbu loyihalarni amalga oshirish boʻyicha keyingi qadamlar muhokama qilindi.
Butunjahon merosi markazi direktori Lazar Elundu Assomo 26-iyul kuni Pusanda boʻlib oʻtgan Butunjahon merosi qoʻmitasining 48-sessiyasida Toshkentdagi modernistik arxitektura obyektlari YuNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilganini ham taʼkidladi.
U Oʻzbekistonni ushbu voqea bilan yana bir bor tabriklab, bu mamlakatning boy va rang-barang madaniy merosini saqlash yoʻlidagi saʼy-harakatlari xalqaro miqyosda eʼtirof etilayotganidan dalolat berishini qayd etdi.

