Plastik va shisha butilkalar uchun majburiy depozit tizimi joriy etilishi mumkin
Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, iste’molchi ichimlik xarid qilganda idish uchun belgilangan depozit summasini ham to‘laydi

Plastik va shisha butilkalar uchun majburiy depozit tizimi joriy etilishi mumkin
Yangi tartibga ko‘ra, xaridorlar ichimlik idishlarini qayta ishlashga topshirib, ular uchun to‘langan depozit mablag‘ini qaytarib olishlari mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda plastik va shisha butilkalar, shuningdek, alyuminiy bankalar uchun majburiy depozit tizimini joriy etish taklif qilindi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Spot.
Ushbu tashabbus «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish doirasida ilgari surilgan.
Taklif etilayotgan tartibga binoan, iste’molchi ichimlik sotib olayotganda idish uchun belgilangan depozit summasini ham to‘laydi. Bo‘sh idishni maxsus qabul qilish nuqtasiga topshirgach, shu mablag‘ni qaytarib oladi.
Qutbiddinovning aytishicha, hozirda bunday chiqindilarni qayta ishlash darajasi atigi 6,2 foizni tashkil etmoqda. Yangi tizim aholini chiqindilarni saralashga undash va atrof-muhit ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda mamlakatda 15,1 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lgan. Ularni saralash ko‘rsatkichi esa 5,2 foizdan oshmagan.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida O‘zbekistonda ichimlik idishlarini qabul qiluvchi maxsus fandomatlar bo‘yicha sinov loyihasi ishga tushirilgan edi. Unga ko‘ra, fuqarolar plastik, shisha va alyuminiy idishlarni topshirib, har biri uchun 150 so‘mdan olishlari mumkin.
Mazkur loyiha Chiqindilarni boshqarish agentligi va Norvegiyaning TOMRA kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Hozircha majburiy depozit tizimini joriy etish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Taklif ma’qullansa, ishlab chiqaruvchilar va savdo tashkilotlariga zarur infratuzilmani yaratish uchun o‘tish davri berilishi ko‘zda tutilmoqda.

