Layfstayl

Piter Parkerning dardi, o‘g‘irlangan Sherlok va aqldan ozgan minyonlar: tomosha qilishga arziydigan yangi filmlar (treyler)

Piter Parkerning iztiroblari, o‘g‘irlangan Sherlok va aqldan ozgan minyonlar: tomosha qilishga arziydigan yangi filmlar (treyler)

Piter Parker yolg‘izlikdan qiynalmoqda, Enola Holms o‘g‘irlab ketilgan akasi Sherlokni izlamoqda, minyonlar esa Gollivudni ostin-ustun qilmoqda. Dunyo kino sanoati kinomanlarni yangi premyeralar bilan xursand qilishda davom etmoqda. Xususan, “Kino Mail” nashri qisqa vaqt ichida ekranlarda shov-shuv bo‘lishga ulgurgan “Odisseya” filmidan tashqari, tomoshabinlar e’tiboriga loyiq eng sara yangi filmlar ro‘yxatini tuzib chiqdi.

**“O‘rgimchak-odam: Yangi kun”**

Piter Parker uni hech kim tanimaydigan dunyoga tushib qoladi. U hali ham jinoyatchilarni o‘z to‘riga ilintirishda va MJ’ning qalbini qaytadan zabt etishdan umid uzmaydi. O‘rgimchak-odamning yolg‘izligiga “Jazolovchi” bilan do‘stligi hamda sirli telepatga qarshi kurashi biroz taskin beradi. Ko‘rinishidan, Marvel nihoyat parallel koinotlar bilan o‘ynashni bas qilganga o‘xshaydi. Sababi “Yangi kun” ijodkorlari bor e’tiborni Tom Holland bilan birga ulg‘aygan qahramonning ichki dunyosiga qaratishgan.

**“Minyonlar va Maxluqlar”**

1920-yillar. Uchta shaddod minyon o‘z kinolarini olish uchun Gollivudga yo‘l oladi. Ammo ularning qo‘liga tasodifan sehrli kitob tushib qoladi. Shundan so‘ng ularning dunyosiga kinodagidan farqli ravishda haqiqiy dahshatli maxluqlar yopirilib keladi. Multfilm kino olamidagi ko‘plab mashhur asarlarga qilingan qiziqarli ishoralar bilan to‘la. Multfilm o‘z an’anasiga sodiq qolgan: hazillari joyida, yosh bola ham tushunadigan sodda va chiroyli ma’noga ega.

**“Enola Xolms 3”**

Milli Bobbi Braun va Genri Kavill ishtirokidagi sarguzashtli detektivning davomi. Hikoya bo‘yicha Enola turmushga chiqishi kerak edi, biroq to‘y kuni akasi Sherlokni o‘g‘irlab ketishadi. Afsuski, yosh izquvar qiz haqidagi serialning bu qismi tomoshabinlar tomonidan juda past baholandi. Bosh roldagi qiz har doimgidek jozibali, lekin detektiv voqealar sevgi-muhabbat mojarolari soyasida qolib ketgan.

**“Moana”**

Eski qadrdon multfilmning jonli aktyorlar ishtirokidagi rimeyki. Ssenariy 2016-yildagi multfilmni xuddi nusxa ko‘chirgandek so‘zma-so‘z va kadrlarigacha takrorlaydi. Shuning uchun ham kino chiqqandan keyin hamma: “O‘zi bu filmning nima keragi bor edi?”, degan savolni bera boshladi. To‘g‘ri, chiroyli tabiat manzaralarini ko‘rish, sevimli qo‘shiqlarni qaytadan eshitish maroqli, lekin multfilmdagi o‘sha haqiqiy sehr va joziba bu filmda yo‘qolib qolgan.

**“Yosh Vashington”**

Fransuz-hind urushi davrida yosh ofitser Jorj Vashington birinchi jiddiy topshirig‘iga otlanadi. Aynan shu qiyin hayotiy sinovlar kelajakda AQShning birinchi prezidenti bo‘ladigan insonning xarakterini toblaydi. Bu tarixiy drama mashhur filmga aylanmagan bo‘lsa-da, Vashingtonning yoshligini qiziqarli qilib ko‘rsatib bergan. Faqat ba’zi joylarda tarixiy faktlarni juda soddalashtirib yuborishgan va ortiqcha balandparvoz gaplar ko‘payib ketgan.

**“Dink”**

Sobiq tennischi o‘zining sport klubini kasod bo‘lishdan qutqarish va otasining hurmatini qozonish uchun borini tikadi. Buning uchun u tavakkal qilib, yangi sport turi — piklbol—tennis, badminton va stol tennisi aralashmasini o‘ynashni boshlaydi. “Dink” yengil va juda yoqimli komediya bo‘lib, sportdagi tayyor qoliplar ustidan chiroyli kuladi. Bosh roldagi Jeyk Jonson va boshqa aktyorlar jamoasi rolni qoyillatib ijro etishgan.

**“23 000 hayot”**

Berlinlik yosh ko‘ngillilar Yevropaga qochib o‘tayotgan migrantlarni qutqarish uchun O‘rta Yer dengiziga yo‘l olishadi. Ammo ko‘p o‘tmay, o‘zlari qonun buzuvchi sifatida tergov ostiga tushishadi. Real voqealarga asoslangan ushbu jiddiy drama tomoshabinlarni ikki guruhga bo‘lib qo‘ydi: bir guruhi filmda ochiqchasiga siyosiy targ‘ibotni ko‘rgan bo‘lsa, boshqalari “dunyoda yomon odam bo‘lmaydi, hamma yordamga loyiq” degan insoniy g‘oyasi uchun filmni ko‘kka ko‘tarishmoqda.

**“Iblis og‘zi”**

Besh nafar do‘st Tailand qirg‘oqlaridagi suvosti g‘orlarida suzishga qaror qilishadi, biroq kutilmaganda qonxo‘r akula bilan birga yerosti tuzog‘iga tushib qolishadi. Film o‘sha tor, vahimali va nafas qisadigan muhitni yaxshi yetkazib bera olgan. Akulalar haqidagi oddiy dahshatli filmlarga biroz psixologik bosim ham qo‘shilgan. Ammo ssenariy baribir o‘sha eski qoliplardan chiqolmagan, qahramonlarning xarakteri ham bo‘shroq ishlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.