Mahalliy

Piskentda har bir odamni kambagʻallikdan chiqarishga 250 million soʻm kredit toʻgʻri kelmoqda

Oʻtgan uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalariga 314 trillion soʻm resurs ajratildi. Lekin kreditlarning kambagʻallikni qisqartirishga taʼsiri barcha tumanda birdek sezilmayapti, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev 3-sentabr kungi yigʻilishda.

Piskent tumanida har bir fuqaroni kambagʻallikdan chiqarish uchun 250 million soʻm kredit ajratilmoqda.

Yigʻilishda ajratilgan kredit resurslarining samaradorligi tumanlar kesimida qiyosiy tahlil qilindi.

Oʻtgan davrda Sharof Rashidov va Qarshi tumanlariga bir xil miqdorda – 2 trillion 300 milliard soʻmdan kredit resursi berilgan.

Sharof Rashidov tumanida ushbu mablagʻ hisobidan 30 ming aholi kambagʻallikdan chiqarilgan boʻlib, bu bir kishiga oʻrtacha 78 million soʻm toʻgʻri kelgan. Qarshi tumanida esa 13 ming ehtiyojmandning sharoiti yaxshilanib, bir kishiga oʻrtacha 176 million soʻm sarflangan.

Qamashi va Piskent tumanlariga 1 trillion 100 milliard soʻmdan kredit berilgan. Qamashida 28 ming, Piskentda esa atigi 4,5 ming kambagʻal aholi bu toifadan chiqarilgan.

Gʻuzor, Nishon, Muborak, Yangiqoʻrgʻon, Toyloq, Boysun, Oltinsoy, Bandixon, Beshariq, Fargʻona tumanlari hamda Nurafshon, Bekobod va Yangiyoʻl shaharlarida ham shunday holat kuzatilayotgani taʼkidlandi.

Piskentda har bir odamni kambagʻallikdan chiqarishga 250 million soʻm kredit toʻgʻri kelayotgani aytildi. Holbuki, boshqa hududda shuncha pulga sanoatda yuqori daromadli doimiy ish oʻrni yaratilayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ayrim hudud rahbarlari qoʻlidagi tayyor resurslardan samarali foydalanib, odamlarni ishli qilishga bilimi yoki toqati yetmayotganini tanqid qildi.

Ular zamonaviy iqtisodiyotdagi tebranishlar va tezkor oʻzgarishlarni toʻgʻri anglamayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Hududlarda soʻnggi bir yilda tashkil qilingan 86 ming kichik korxonadan 15 mingtasi, yaʼni 17 foizi faoliyatini toʻxtatgan.

Bankdan kredit olib, biznesini yurgiza olmagan 62 ming aholi kreditni qaytarishga qiynalayotgani qayd etildi.

Buning sababi sifatida atigi 1 mingta mahalladagi hokim yordamchisi va mahalla bankiri “loyihaviy yondashuv” asosida ishlashni bilishi koʻrsatildi.

Oʻzbekistonda ehtiyojmand aholi soni 1,5 milliongacha kamaydi, deya taʼkidladi Prezident.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.