Pep Gvardiola “Manchester Siti”ni qanday qilib Chempionlar ligasi g‘olibiga aylantirdi?

Pep Gvardiola “Manchester Siti”ni qanday qilib Chempionlar ligasi g‘olibiga aylantirdi?
“Manchester Siti” uzoq yillar davomida Angliyada katta muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsa-da, Chempionlar Ligasida zafar quchish yo‘lida ko‘p bor omadsizlikka uchradi. Pep Gvardiola jamoani qayta qurib, 2023-yilda klub tarixidagi eng katta sovrinni qo‘lga kiritdi.
### Yevropa orzusining boshlanishi
“Manchester Siti” uchun Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonish uzoq vaqt davomida amalga oshmagan orzu bo‘lib keldi. 2008-yilda Abu-Dabi shayxi Mansur bin Zoid al-Nahayon klubni sotib olgach, jamoa oldiga Yevropada ham yetakchi bo‘lish vazifasi qo‘yildi.
Katta moliyaviy sarmoyalar va transfer bozoridagi faol siyosat evaziga “Man Siti” Angliya futbolining yetakchi jamoalaridan biriga aylandi. Ammo ichki chempionatdagi yutuqlarni Yevropa maydonida takrorlash oson bo‘lmadi.
Serxio Aguero, David Silva, Yaya Ture va Vensan Kompani kabi futbolchilarning kelishi jamoa rivojiga poydevor bo‘ldi. Roberto Manchini qo‘l ostida “shaharliklar” 1968-yildan keyingi ilk Angliya chempionligini qo‘lga kiritdi. Shunga qaramay, jamoa Chempionlar ligasida guruh bosqichidan ketma-ket chiqa olmagani sababli murabbiy lavozimini tark etdi.
Keyinchalik tarkibga Kevin De Bryuyne va Rahim Sterling kabi futbolchilar qo‘shildi. Manuel Pellegrini boshqaruvida jamoa 2016-yilda Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqdi. Bu klubning uch yillik faoliyati davomida musobaqadagi eng yaxshi natijasi bo‘ldi.
### Gvardiola davrining dastlabki qiyinchiliklari
Pep Gvardiola 2016-yil yozida “Manchester Siti” bosh murabbiyiga aylangach, klub uning futbol falsafasini amalga oshirish uchun tarkibga katta mablag‘ sarfladi. Ederson, Kayl Uoker va Emerik Lyaport jamoaga olib kelindi.
Biroq Gvardiolaning ilk mavsumi sovrinsiz yakunlandi. “Ko‘klar” Chempionlar Ligasining nimchorak finalida “Monako”ga qarshi ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra 6:6 hisobida durang o‘ynadi va safardagi gollar qoidasi sabab musobaqani tark etdi.
Shundan so‘ng Bernardo Silva hamda Riyad Mahrez olib kelinib, jamoa yanada kuchaytirildi. Keyingi yillarda jamoa Angliyada ketma-ket chempionliklarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, Yevropada “Liverpul”, “Tottenhem” va “Lion”ga qarshi bahslarda chorak final bosqichidan o‘ta olmadi. 2020-yilda “Lion”ga qarshi mag‘lubiyatdan keyin Kevin De Bryuyne klubning Yevropadagi muvaffaqiyatsizliklarini tilga oldi. Gvardiola esa bir kun kelib jamoa bu to‘siqni yengib o‘tishini aytdi.
### 2021-yil: finaldagi mag‘lubiyat
“Manchester Siti” 2020/21-yilgi mavsumda Chempionlar Ligasi finaliga chiqdi. Jamoa pley-off bosqichida Dortmundning “Borussiya”si va “Pari Sen-Jermen”ni mag‘lub etdi. Yarim finalda “PSJ” ustidan ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra 4:1 hisobida g‘alaba qozonildi.
Finalda “shaharliklar” “Chelsi”ga qarshi maydonga tushdi. O‘yinning birinchi bo‘limida Kay Haverts Meyson Mauntning uzatmasidan so‘ng gol urib, londonliklarni oldinga olib chiqdi. Manchesterliklar ikkinchi bo‘limda bosimni kuchaytirganiga qaramay, hisobni tenglashtira olmadi.
“Aristokratlar”ning g‘alabasi Gvardiola jamoasi uchun navbatdagi og‘riqli mag‘lubiyat bo‘ldi. Murabbiy o‘yindagi tarkib va taktik qarorlari uchun tanqid qilindi. Xususan, Ilkay Gyundogan markaziy yarim himoyaning chuqurroq pozitsiyasida harakat qildi, Serxio Aguero, Rodri va Fernandinyo esa asosiy tarkibdan joy olmadi.
### “Real Madrid”ga qarshi yarim finaldagi dramatik voqealar
2021/22-yilgi mavsumda “Manchester Siti” Chempionlar ligasining yarim finalida “Real Madrid” bilan to‘qnash keldi. Manchesterda o‘tkazilgan birinchi uchrashuv gollarga boy bo‘ldi. “Siti” ikki marta ikki golli ustunlikka ega bo‘lganiga qaramay, madridliklar bilan bahsni 4:3 hisobida yakunladi.
Javob uchrashuvida Riyad Mahrezning goli “Manchester Siti”ni finalga yaqinlashtirdi. Ammo uchrashuv yakuniga yaqin zaxiradan maydonga tushgan Rodrigo ikkita gol urib, “Real Madrid”ga umumiy hisobni tenglashtirish imkonini berdi. Qo‘shimcha bo‘lim boshida Karim Benzema penaltidan foydalanib, madridliklarning g‘alabasini ta’minladi.
“Shaharliklar” musobaqani tark etdi, “Qirollik klubi” esa finalda “Liverpul”ni mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. Ushbu mag‘lubiyat Gvardiolani jamoa tarkibi va taktik yondashuvini qayta ko‘rib chiqishga undadi.
### Tarkib va taktika qayta shakllantirildi
2022/23-yilgi mavsum oldidan Gvardiola jamoaning o‘yin tizimiga muhim o‘zgartirishlar kiritdi. Eng asosiy transferlardan biri “Borussiya Dortmund”dan Erling Holandning olib kelinishi bo‘ldi.
Norvegiyalik hujumchi qisqa vaqt ichida Angliya futboliga moslashdi va Premyer Ligadagi 35 uchrashuvda 36 ta gol urdi. Holandning hujumdagi samaradorligi “Manchester Siti”ning gol urish imkoniyatlarini oshirdi.
Gvardiola Jon Stounsning maydondagi vazifalarini ham o‘zgartirdi. Markaziy himoyachi to‘p jamoada bo‘lgan paytda ayrim vaziyatlarda yarim himoyaga ko‘tarildi va Rodri bilan birga harakat qildi. Bu taktika “ko‘klar”ga hujumlarni yanada samarali tashkil etish hamda to‘p nazoratini kuchaytirish imkonini berdi.
Yangi yondashuv o‘z samarasini berdi. “Manchester Siti” Chempionlar Ligasi finaliga qadar mag‘lubiyatsiz yetib bordi. Jamoa pley-off bosqichida “Leypsig”ni umumiy 8:1, “Bavariya”ni esa 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
Yarim finalda “Real Madrid”ga qarshi javob uchrashuvida 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, ingliz klubi 5:1 hisobida ustun kelib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
### 2023-yil: orzu amalga oshdi
Finalda “Manchester Siti” Turkiyada “Inter”ga qarshi maydonga tushdi. Italiyalik klub musobaqa davomida “Barselona”, “Portu”, “Benfika” va “Milan” kabi jamoalarni yengib, hal qiluvchi bahsga yetib kelgandi.
Uchrashuvning dastlabki qismida “shaharliklar” hujumkor o‘yin ko‘rsatdi, biroq “neradzurri”lar himoyada ishonchli harakat qildi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Bernardu Silva jarima maydoniga yaqin hududdan to‘pni orqaga uzatdi. To‘p jarima maydoni tashqarisida turgan Rodri oldiga kelib tushdi. Ispaniyalik yarim himoyachi aniq zarba bilan hisobni ochdi.
“Inter” javob golini urishga urinib ko‘rdi, ammo manchesterliklar ustunlikni saqlab qoldi. Yakunda ingliz klubi 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, tarixida ilk bor Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylandi.
Shu tariqa, “Manchester Siti” Angliya chempionligi va Angliya kubogidagi g‘alabalariga Yevropa Chempionlar Ligasini ham qo‘shdi. Klub bir mavsumda uchta asosiy sovrinni qo‘lga kiritgan jamoalar qatoriga kirdi.
Rodri finaldagi g‘alabadan keyin bu natijani uzoq yillar davom etgan orzuning ro‘yobga chiqishi sifatida baholadi. U jamoa futbolchilari va klub xodimlarining avvalgi mavsumlardagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin ham maqsad sari intilganini ta’kidladi.
### Pepning so‘nggi mavsumlari
Gvardiolaning “Manchester Siti” boshqaruvidagi so‘nggi ikki mavsumi murakkab o‘tdi. Jamoa Premyer-ligani mos ravishda uchinchi va ikkinchi o‘rinlarda yakunladi. Shuningdek, Chempionlar ligasida ham kutilganidan erta musobaqani tark etdi.
Shunga qaramay, afsonaviy murabbiy faoliyatini Angliya kubogi va Liga kubogidagi g‘alabalar bilan yakunladi.
Jamoaning keyingi mavsumlardagi natijalari Gvardiola merosi va klub tarixida 2023-yilgi g‘alaba qanchalik muhim o‘rin tutganini yanada yaqqol ko‘rsatdi. Istanbuldagi finalgacha “Manchester Siti”ning ichki musobaqalardagi muvaffaqiyatlari Yevropadagi omadsizliklari sabab to‘liq e’tirof etilmasdi.
Biroq treblni qo‘lga kiritish klubning obro‘sini tubdan o‘zgartirdi. “Manchester Siti” “Barselona” va “Real Madrid” kabi kuchli klublarga qarshi ham muvaffaqiyatli kurasha olishini isbotladi.
### Klubda yangi davr boshlandi
“Manchester Siti”da Enzo Mareska bosh murabbiyligida yangi davr boshlandi. Rodri, Bernardu Silva va Jon Stouns jamoani tark etdi. Holand esa yangi jamoadoshlari bilan o‘ynashga majbur bo‘lmoqda.
Shunga qaramay, klubning maqsadi aniq: ichki chempionlikni qaytarish va Rodri 2023-yilgi finalda jamoaning orzusini haqiqatga aylantirgan o‘sha tarixiy kechadagi sehrli muhitni yana his qilish.

