Siyosat

Pentagon NATO 3.0 konsepsiyasini ilgari surmoqda

AQSh Mudofaa vazirligi Yevropada joylashtirilgan amerikalik harbiylar soni va vazifalarini qayta baholash jarayonini boshladi. Vashington bu orqali NATOda Yevropa davlatlarining o‘z mudofaasi uchun mas’uliyatini oshirish va alyansni yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan.

Pentagon NATO 3.0 g'oyasini ilgari surmoqda

AQSh Mudofaa vazirligi Yevropadagi Amerika harbiy kontingentini joylashtirish masalasini rasman qayta ko'rib chiqishga kirishdi. Bu jarayon Pentagon rahbari Pit Hegsetning iyun oyida Bryusselda bo'lib o'tgan NATO mudofaa vazirlari yig'ilishida e'lon qilgan rejalari doirasida amalga oshirilmoqda.

Pentagon rahbarining siyosiy masalalar bo'yicha o'rinbosari Elbrij Kolbining ta'kidlashicha, ushbu tahlilning asosiy maqsadi Yevropa davlatlari o'zining an'anaviy qurol-yarog'lari orqali qit'a xavfsizligi uchun asosiy mas'uliyatni o'z zimmasiga oladigan yangi modelni yaratishdan iborat.

Uning so'zlariga ko'ra, bu yondashuv NATOni "NATO 3.0" deb nomlangan yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda. Yangi konsepsiya alyansning harbiy salohiyatini mustahkamlash bilan birga, AQShga bir vaqtning o'zida turli mintaqalardagi xavfsizlik vazifalarini bajarish imkoniyatini berishi lozim.

Kolbi qayta ko'rib chiqish jarayoni AQShning 2025-yilgi Milliy xavfsizlik strategiyasi va 2026-yilgi Milliy mudofaa strategiyasiga asoslanishini ma'lum qildi. Uning aytishicha, Pentagon geosiyosiy vaziyat va harbiy tahlillarga tayanib, bir nechta ehtimoliy ssenariylarni ishlab chiqadi.

So'nggi yillarda AQSh prezidenti Donald Tramp va mudofaa vaziri Pit Hegset NATOning Yevropa a'zolarini mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirib kelmoqda. Ular ko'p marotaba Yevropa davlatlari xavfsizlik masalasida AQShga ortiqcha tayanib qolganini tanqid qilgan.

2025-yil iyun oyida Gaagada bo'lib o'tgan NATO sammitida a'zo davlatlar 2035-yilga qadar mudofaa xarajatlarini YaIMning kamida 3,5 foiziga yetkazish, shuningdek, mudofaa bilan bog'liq qo'shimcha ehtiyojlar uchun yana 1,5 foiz mablag' ajratishga kelishib olgan edi. Bu avvalgi 2 foizlik maqsadli ko'rsatkichdan ancha yuqori hisoblanadi.

Shuningdek, NATOning Yevropadagi Birlashgan qurolli kuchlari qo'mondoni, AQSh Harbiy-havo kuchlari generali Aleksus Grinkevich ham Yevropa davlatlari o'z harbiy imkoniyatlarini oshirishi bilan uzoq muddatli istiqbolda AQSh qo'shinlarining bir qismi dunyoning boshqa mintaqalariga ko'chirilishi mumkinligini bildirgan.