Pentagon bazasidan 3 milliondan ortiq shaxsga oid maʼlumotlar sizib chiqdi
AQSH Mudofaa vazirligining kadrlar maʼlumotlari bazasiga ruxsatsiz kirilishi oqibatida 2,76 million tirik va 294 ming vafot etgan shaxsga oid maʼlumotlar oshkor boʻlgan. Ular orasida ijtimoiy sugʻurta va egallab turilgan lavozimlarga doir maʼlumotlar ham bor.

Pentagon bazasidan 3 milliondan ortiq shaxsga oid maʼlumotlar sizib chiqdi
ABC News telekanali 29-sentabr kuni AQSH Mudofaa vazirligi rasmiysiga tayanib shu haqda xabar berdi. Bundan oldin kiberhujum haqida Military Times nashri maʼlum qilgan edi.
Pentagon vakilining aytishicha, 2025-yil oktabridan 2026-yil iyuligacha oz sonli begona foydalanuvchilar Mudofaa vazirligining Kadrlar maʼlumotlari markazi — DMDCda saqlanayotgan shaxsiy maʼlumotlarga ruxsatsiz kirish imkoniga ega boʻlgan.
«Bu holat aniqlanishi bilan DMDC zaiflikni darhol bartaraf etdi», — dedi vazirlik vakili.
ABC News suhbatdoshining baholashicha, sizib chiqish hajmi va oshkor bo‘lgan maʼlumotlarning maxfiylik darajasi milliy xavfsizlik bo‘yicha xavotir uyg‘otishi mumkin. Xususan, fayllarda harbiy xizmatchilar va fuqarolik xodimlarining lavozimlari haqidagi maʼlumotlar bo‘lgan.
DMDC Pentagonning kadrlar bo‘yicha asosiy maʼlumotlar bazalaridan biri hisoblanadi. Unda amaldagi harbiy xizmatchilar, rezervchilar, fuqarolik xodimlari, pudratchilar, pensionerlar, faxriylar va harbiylarning oila aʼzolari haqidagi hujjatlar saqlanadi.
Pentagon maʼlumotiga ko‘ra, hozircha qo‘lga kiritilgan maʼlumotlardan yovuz maqsadlarda foydalanilganini ko‘rsatuvchi alomatlar aniqlanmagan.
Avvalroq, 23-sentabr kuni AQSH Federal qidiruv byurosi ham o‘zining ish o‘rinlari eʼlon qilinadigan saytiga ehtimoliy kiberhujum haqida xabar bergan edi. O‘sha hodisadan qancha odam jabrlangani hozircha nomaʼlum.

