Texnologiya

Pentagon Anthropic kompaniyasini qora roʻyxatga kiritganidan bir necha oy oʻtib, uning sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanishni toʻxtatdi, deb xabar berdi BBC

Joriy yilning boshida ushbu kompaniya «taʼminot zanjiri uchun xavf» deb tasniflangan edi, biroq bir nechta manbalarning taʼkidlashicha, yaqinda Anthropic kompaniyasining Claude modelidan keng koʻlamda foydalanilgan.

Pentagon kompaniyani qora roʻyxatga kiritganidan bir necha oy oʻtib, Anthropic sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanishni toʻxtatdi, deb xabar berdi BBC

Mudofaa vaziri Pit Xegset Anthropic rahbari Dario Amodeini ommaviy ravishda tanqid qildi

AQSh Mudofaa vazirligi Anthropic kompaniyasini milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan taʼminot zanjiri uchun xavf deb tasniflaganidan bir necha oy oʻtib, uning sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanishni toʻxtatdi, deb maʼlum qildi vazirlik rasmiysi BBC’ga.

Pentagon "Anthropic mahsulotlaridan foydalanishni toʻxtatdi", dedi departament rasmiysi oʻz bayonotida.

Mudofaa vaziri Pit Xegset fevral oyida Anthropic’ni taʼminot zanjiri uchun xavf deb atagan va Pentagon avgust oyi oxirigacha undan foydalanishni toʻxtatishini aytgan edi.

Biroq, vaziyatdan xabardor bir necha kishining BBC’ga maʼlum qilishicha, yaqin-yaqingacha, hatto oʻtgan haftada ham Anthropic’ning Claude modeli departament tomonidan tadqiqot, tahlil va razvedka maʼlumotlarini yigʻish, shuningdek, Eronga qarshi harbiy operatsiyalarda qoʻllanilgan.

Ularning soʻzlariga koʻra, bu model ulkan hajmdagi maʼlumotlarni saralashda muhim vosita sifatida koʻrilgan. Ushbu manbalar qatoriga AQSh mudofaa tizimining sobiq mulozimlari va Pentagon bilan aynan sunʼiy intellekt yoʻnalishida yaqindan hamkorlik qilgan pudratchilar kiradi.

Anthropic vakili Pentagon bayonoti haqidagi savolga izoh berishdan bosh tortdi.

Mudofaa vazirligi Anthropic vositalaridan foydalanishni butunlay toʻxtatgani haqidagi tafsilotlar ilgari xabar qilinmagan edi.

Anthropic mahsulotlaridan AQSh hukumati va harbiylari 2024 yildan beri foydalanib kelayotgan edi va u maxfiy ishlarni amalga oshiruvchi davlat idoralarida oʻz vositalari joriy etilgan birinchi ilgʻor sunʼiy intellekt kompaniyasi boʻlgandi.

Biroq shu yil boshida Pentagon kompaniyani Claude modelidan xavfsizlik cheklovlarini olib tashlashga va harbiylarga oʻz sunʼiy intellekt vositalaridan cheklanmagan holda foydalanish imkoniyatini berishga chaqirdi.

Anthropic ommaviy kuzatuv va avtonom qurollardan xavfsirashini roʻkach qilib bundan bosh tortganida, Xegset kompaniyani "milliy xavfsizlik taʼminoti zanjiri uchun xavf" deb eʼlon qildi — bu qonuniy maqom odatda AQSh uchun tahdid deb hisoblangan mamlakatlarda joylashgan kompaniyalarga nisbatan qoʻllaniladi.

Anthropic бу қадамни "misli koʻrilmagan va noqonuniy" deb atadi va ushbu maqomni bekor qilish maqsadida Tramp maʼmuriyatini sudga berdi.

Sudda huquqiy kurash davom etayotgan bir paytda, Pentagon boshqa yirik texnologik kompaniyalar, jumladan Google, xAI va OpenAI bilan shartnomalar imzoladi.

Mudofaa vazirligida sunʼiy intellektdan foydalanish bilan tanish boʻlgan ikki kishining soʻzlariga koʻra, soʻnggi oylarda ayrim harbiy departamentlarda OpenAI vositalari kengroq joriy etilgan.

Pentagonning dushanba kuni BBC’ga bergan bayonoti bir necha kishi oʻz intervyularida Claude soʻnggi haftalarda ham keng qoʻllanilganini aytganidan keyin yangradi.

Bir nechta manbalarning taʼkidlashicha, u Pentagon tomonidan qoʻllaniladigan Maven Smart System deb nomlangan yirikroq maʼlumotlar platformasiga integratsiya qilingan boʻlgan.

Palantir kompaniyasi tomonidan boshqariladigan Maven tizimi Pentagonning razvedka va boshqa maʼlumotlarni tizimlashtirish uchun asosiy platformasi hisoblanadi.

Jorjtaun universitetining Xavfsizlik va istiqbolli texnologiyalar markazi katta tahlilchisi Loren Kanning aytishicha, Claude tizimi Maven’ga chuqur integratsiya qilingani sababli, uni tizimdan tezkorlik bilan olib tashlash qiyin boʻlgan.

"Pentagonga Claude’dan foydalanishni butun tizim boʻylab toʻliq toʻxtatish uchun shuncha vaqt kerak boʻlgani bu narsalar shunchaki osongina almashtirib qoʻyiladigan vosita emasligidan dalolat beradi", dedi u.

"Ular tizimga integratsiyalashgandan soʻng, ularni olib tashlash juda qiyin kechishi mumkin", deya qoʻshimcha qildi AQSh mudofaa tizimining sobiq mulozimi boʻlgan Kan.

Tramp yaqinda Oq uyda Anthropic rahbari Dario Amodei bilan uchrashdi

BBC sunʼiy intellektga ixtisoslashgan va Pentagon bilan yaqindan hamkorlik qilgan harbiy pudratchilar, shuningdek, AQSh mudofaa tizimining sobiq mulozimlari va Pentagonning sunʼiy intellektdan foydalanishi bilan tanish boʻlgan boshqa shaxslar bilan suhbatlashdi. Ularning bir nechasi ommaviy axborot vositalari bilan gaplashishga vakolati yoʻqligi sababli ismi sir qolishini soʻradi.

Xegset birinchi marta Anthropic’ni davlat tizimidan bosqichma-bosqich chiqarib tashlashni buyurganida, "Anthropic’dan OpenAI va boshqa vositalarga oʻtish borasida xavotirlar bor edi", dedi AQSh mudofaa tizimining sobiq yuqori lavozimli mulozimi.

Xegset 27 fevral kuni — AQSh va Isroil Eronga hujum qilishidan bir kun oldin — Anthropic’dan voz kechish uchun olti oylik muddat belgilagan edi.

Pentagon xodimlari kompaniya bilan bogʻliq "bahs-munozaralar davom etgan butun davr mobaynida" Anthropic’ning Claude vositalaridan, jumladan, uning kuchli Mythos modellaridan foydalanishda davom etdilar, dedi manbalardan biri.

Claude, ayniqsa, razvedka maʼlumotlarini yigʻish va tahlil qilish uchun, jumladan, Palantir’ning Maven tizimi orqali ishlatilgan, deydi bir nechta manbalar. Mudofaa texnologiyalari sohasidagi yetakchi firma boʻlgan Palantir kompaniyasiga prezident Donald Trampning ittifoqchisi, milliarder Piter Til tomonidan asos solingan.

Ushbu texnologiya qanday qoʻllanilishidan xabardor manbalarning aytishicha, tahlilchilar va boshqa mudofaa mulozimlari vizual maʼlumotlarga, jumladan, sunʼiy yoʻldosh tasvirlari va dron videolariga kirish hamda ularni tizimlashtirishda Maven tizimiga tayanadilar.

Ushbu maʼlumotlar keyinchalik ehtimoliy harbiy nishonlarni aniqlash kabi vazifalar uchun Claude va boshqa yirik til modellariga yuborilgan.

Shu yil boshida Palantir tomonidan Maven tizimining taqdimoti namoyish etilgan manbaning soʻzlariga koʻra, mulozimlar qoʻmondonlik zanjiri boʻylab uzatiladigan bir sahifalik qisqa maʼlumotnomalarni tayyorlashda koʻpincha ushbu texnologiyadan foydalanishgan.

Yaqinda davlat mulozimlari uchun oʻtkazilgan Maven tizimining yopiq taqdimotlarida ham Claude ishtirok etgan, dedi Maven tizimidan xabardor boshqa bir shaxs.

Mudofaa vazirligida sunʼiy intellekt yoʻnalishidagi ishlarni boshqaradigan Kemeron Stenli shu yil boshida Maven taqdimoti chogʻida ushbu tizim "butun departament boʻylab" joriy etilganini aytgan edi.

Maven tizimidan AQShning ayrim ittifoqchilari ham Tramp maʼmuriyati bilan razvedka maʼlumotlarini almashish uchun foydalanadi.

Oʻtgan hafta Vashingtonda soha yetakchilari bilan oʻtkazilgan yopiq brifingda ishtirok etgan AQSh sobiq mulozimining soʻzlariga koʻra, Mudofaa vazirligining amaldagi rasmiysi Eron bilan urushda razvedka maʼlumotlarini almashishda Maven tizimining rolini alohida taʼkidlagan.

Anthropic’ning Pentagon bilan nizosi Oq uy bilan munosabatlar yaxshilanayotgandek koʻrinayotgan bir paytga toʻgʻri keldi. Tramp oʻtgan hafta Oq uyda Anthropic rahbari Dario Amodei bilan ikki marta uchrashdi.

Tramp va boshqa texnologiya yetakchilari bilan uchrashuvlardan biridan soʻng, Amodei sunʼiy intellekt tahdid soladigan xavf-xatarlardan hamon xavotirda ekanini aytdi.

"Ushbu xavf-xatarlarni qanday hal qilishimiz hali ham muhokama qilinmoqda", dedi Amodei Oq uyda jurnalistlarga, uning yonida Tramp turgan bir paytda, biroq "agar biz prezident bilan birga ishlasak, xavfsiz tarzda gʻalaba qozona olamiz".

Shundan soʻng Tramp Amodeini maqtab, uni "ajoyib" va "hayratlanarli" deb atadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.