Pensiya yoshini oshirmaslik boʻyicha fikrlar inobatga olinadimi? Masʼullar izoh berishdi
Pensiya tizimini takomillashtirish boʻyicha loyiha yuzasidan aholining fikrlari rasmiylar ishtirokidagi matbuot anjumanida muhokama qilindi. Hujjat boʻyicha bildirilgan takliflar oʻrganilishi, inobatga olinadigan fikrlar loyiha matnida aks etishi, rad etilganlari boʻyicha esa asoslantirilgan javob berilishi aytildi.

**Pensiya yoshini oshirmaslik haqidagi fikrlar hisobga olinadimi? Masʼullar javob berdi**
25 sentabr kuni Pensiya taʼminoti tizimini takomillashtirish bo‘yicha taklif etilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi vakillari qatnashdi.
Tadbirda **Kun.uz** muxbiri pensiya islohoti bo‘yicha jamoatchilik muhokamasining qisqa muddatga belgilangani, loyiha yuzasidan bildirilayotgan qarshi fikrlar hamda pensiyani hisoblashda ish haqining 20 yillik davrini inobatga olish taklifiga doir savollar berdi.
### Loyiha nega kamida 15 kun muhokamada bo‘ladi?
Pensiya islohoti loyihasi 15 sentabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Muhokama 30 sentabrda yakunlanishi belgilangan.
Savol-javob jarayonida loyihaning jamoatchilik muhokamasida nega aynan 15 kun turishi, pensiya tizimidagi o‘zgarishlar millionlab fuqarolarning manfaatlariga daxldor ekani sababli muhokama muddatini uzaytirish mumkinmi yoki yo‘qligi so‘raldi.
Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining Normativ bazani takomillashtirish bo‘limi boshlig‘i Nozimjon Jo‘rayevning aytishicha, qonunchilik loyihalarni jamoatchilik muhokamasida kamida 15 kun saqlashni belgilaydi. Shu bilan birga, loyiha 15 kundan ko‘proq vaqt muhokamada turishiga ham hech qanday cheklov yo‘q.
“Oʻzbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi qonuniga asosan, loyiha jamoatchilik muhokamasida kamida 15 kun turishi belgilangan. Shuning uchun hozir 15 kun turadi, deb aytilyapti. Lekin bu loyiha 15 kundan ortiq vaqt ham turishi mumkin. Fikr-mulohazalarni koʻproq jamlash maqsadida muhokama muddatini uzaytirish mumkin, bunga cheklov yoʻq. Biz hozir qonunchilikda belgilangan eng qisqa muddatni nazarda tutyapmiz”, - dedi Nozimjon Jo‘rayev.
### Qarshi fikrlar ham loyiha taqdiriga taʼsir qilishi mumkin
Jamoatchilik muhokamasi davomida loyiha yuzasidan 1700 dan ortiq fikr bildirilgani, ularning salmoqli qismi pensiya yoshini oshirishga qarshi ekani taʼkidlandi.
Mutasaddidan fuqarolarning, xususan, pensiya yoshini oshirmaslik bo‘yicha bildirayotgan takliflari yakuniy hujjatda inobatga olinadimi, deb so‘raldi.

