Pensiya uchun minimal ish staji 15 yilgacha oshirilishi taklif qilinmoqda – bu nimani anglatadi?
Pensiya tayinlash uchun talab etiladigan minimal ish stajini bosqichma-bosqich oshirib, 15 yilga yetkazish taklif qilinmoqda. Pensiya jamgʻarmasi mutaxassislar Kun.uzga bergan intervyusida nima sababdan minimal staj dabri uzaytirilayotgani, bu pensiya oluvchilar uchun nimani anglatishi haqida gapirdi.

Pensiya olish uchun zarur bo‘lgan minimal ish stajini 15 yilgacha oshirish taklif qilinmoqda — bu nimani anglatadi?
Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Abror Xolmatovning aytishicha, pensiya islohoti bo‘yicha tayyorlanayotgan loyihada fuqarolarga pensiya tayinlash uchun talab etiladigan minimal ish stajini bosqichma-bosqich ko‘tarib, 15 yilga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, fuqarolarga ish stajini o‘zlari mustaqil shakllantirish imkoniyati ham yaratilmoqda. Xususan, fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, ijtimoiy soliq to‘lasa, bu davr uning ish stajiga qo‘shiladi.
“Fuqarolar hozirdanoq ish stajini yig‘ishni maqsad qilishi kerak. O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, ijtimoiy soliq to‘lash orqali kelgusidagi pensiya uchun staj shakllantirish imkoniyati berilmoqda. Bu mexanizmni fuqarolarni mehnat stajini oldindan shakllantirishga rag‘batlantiruvchi norma sifatida ko‘rish mumkin”, – dedi Xolmatov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda pensiya tayinlash jarayonida minimal staj bilan pensiyaga chiqayotganlar ulushi ortib bormoqda. Masalan, 2010-yilda Pensiya jamg‘armasi tashkil etilgan paytda yangi tayinlangan pensiyalarning taxminan 6 foizi minimal staj asosida tayinlangan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich qariyb 60 foizga yetgan.
“Bu fuqarolarning belgilanganidan yuqoriroq ish stajini shakllantirish darajasi pasayayotganini ko‘rsatadi. Buning sabablaridan biri — shu paytgacha ish stajini mustaqil ravishda jamlash mexanizmining yetarli darajada mavjud bo‘lmagani.
Endilikda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish va ijtimoiy soliq to‘lash orqali fuqarolarga kelgusidagi pensiyasi uchun ish stajini o‘zlari shakllantirish imkoniyati berilmoqda.
Minimal staj ham birdaniga emas, bosqichma-bosqich oshiriladi. Masalan, yetti yil talabi keyinchalik sakkiz yilga, undan so‘ng to‘qqiz yilga va shu tarzda oshirib boriladi”, – dedi u.
Jamg‘armaning yana bir vakili Sardor Fayzullayev esa Xalqaro mehnat tashkilotining 102-son konvensiyasida pensiya tayinlash uchun minimal ish staji 15 yildan kam bo‘lmasligi tavsiya etilganini ta’kidladi.
“Bu o‘zgarish aynan konvensiya talabi sababli kiritilmoqda, degani emas. Asosiy maqsad — fuqarolarni uzoqroq va rasmiy ishlashga rag‘batlantirish.
Masalan, erkak kishi 18 yoshidan mehnat faoliyatini boshlasa va 60 yoshida pensiyaga chiqsa, uning mehnat faoliyati 42 yilni tashkil etadi. Amaldagi yetti yillik minimal staj talabi qo‘llansa, bu uning 42 yillik mehnat faoliyatining atigi 17 foiziga teng. 42 yil ishlashi mumkin bo‘lgan fuqaro uchun yetti yillik staj talabi juda kichik ulushni tashkil qiladi. Bu esa kelgusida uning pensiyasi minimal miqdorda qolishiga olib kelishi mumkin”, – dedi u.

