Pensiya islohoti kimlarga taʼsir qiladi? – rasmiylar bilan intervyu
Oʻzbekistonda pensiya yoshini oshirish taklif qilinyapti – lekin bu hozir pensiya olayotganlarga taʼsir qilmaydi. Eʼlon qilingan pensiya islohoti loyihasiga koʻra, uzoq va samarali ishlaganlarga adolatli pensiya tayinlash koʻzda tutilgan. Hukumat minimal ish stajini 7 yildan 15 yilga uzaytirish orqali uzoq vaqt mehnat bozorida band boʻlganlar sonini koʻpaytirmoqchi.

Pensiya islohoti kimlarga taʼsir qiladi? – rasmiylar bilan suhbat
Oʻzbekistonda pensiya tizimini oʻzgartirish taklif etilmoqda. Shu haqdagi hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarildi. Loyihaga koʻra, pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi davri amaldagi besh yildan boshlab bosqichma-bosqich 20 yilga uzaytirilishi, pensiyaga kechroq chiqqanlarga esa yuqoriroq pensiya belgilanishi taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, pensiya yoshini ham bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, oʻz-oʻzini band qilganlar majburiy tarzda ijtimoiy soliq toʻlaydi va buning evaziga dekret hamda kasallik davri nafaqalarini olish imkoniga ega boʻladi. Yana bir yangilik shuki, har bir kishi oʻzining jamgʻarib boradigan pensiyasiga maoshining 5 foizini oʻtkazib borsa, bu kelajakda unga pensiyaga chiqishdan oldin bir baza boʻlib xizmat qiladi. Kun.uz shu masalalarni Pensiya jamgʻarmasi masʼullari Sardor Fayzullayev va Abror Xolmatov bilan muhokama qildi.
“Pensiya oluvchilar sonining koʻpayishi keyingi avlodga moliyaviy yuk boʻladi”
Jamoatchilik fikrini kuzatib, tahlil qilib boryapmiz. Koʻpchilik islohotning maqsadi faqat pensiya yoshini oshirish degan xulosaga kelyapti, ammo aslida maqsad — fuqarolarni keksalikda munosib pensiya bilan taʼminlash, ularning uzoq ishlaganiga yarasha pensiya berish, ular toʻlagan ijtimoiy soliqqa pensiya miqdorini moslashtirish hamda fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida ishtirokini ragʻbatlantirishdir. Shu bilan birga, norasmiy sektorda ishlaydigan fuqarolarni rasmiy sektorga oʻtkazish orqali ularning pensiya tizimidagi qamrovini oshirishga qaratilgan takliflar ham bor.
Pensiya tizimida 2028-yildan boshlab pensiya yoshini har yili uch oydan oshirish koʻzda tutilmoqda. Bunga asosiy sabab umr koʻrish davomiyligining uzaygani bilan bogʻliq. Bu yerda 3 ta tushuncha bor: pensiya, umr koʻrish davomiyligi va pensiya olish davri. Bular bir xil tushuncha emas, lekin bir-birini toʻldiradi. Umr koʻrish davomiyligi bugungi kunda 90-yilga nisbatan (aynan Pensiya toʻgʻrisidagi qonun qabul qilingan payt) pensiya yoshi 60-55 yosh qilib belgilangan. Shundan beri umr koʻrish davomiyligi oʻzgardi. Bu “avlodlar hamjihatligi”ga asoslangan tizimda keyingi avlodlarga moliyaviy yuk oʻtishiga sabab boʻladi. Yaʼni solishtirish uchun aytsak, 90-yillarda pensiya olish davri erkaklarda besh yilni, ayollarda 15 yilni tashkil qilgan boʻlsa, bugungi kunda ayollarda 22 yilni, erkaklarda 13 yilni tashkil qiladi. Yaʼni pensiya olish davri oʻz-oʻzidan oshgan. Buni umr koʻrish davomiyligining oshganligi bilan izohlashimiz mumkin.
Bundan tashqari, aholi tarkibida pensiya oluvchilarning ulushi ham ortib bormoqda. Bugungi kunda aholi tarkibida pensiya oluvchilarning ulushi 11 foizni tashkil etsa, 2040-yilga borib bu koʻrsatkich 15 foizga yetishi taxmin qilinmoqda. Bu ham oʻz-oʻzidan tizimning moliyaviy barqarorligiga taʼsir koʻrsatadi.

