Pensiya hisoblashda olinadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilga uzaytirish taklif qilindi. Bu nimani anglatadi?
Pensiya islohoti loyihasiga koʻra, pensiya tayinlashda hisobga olinadigan ish haqi davrini bosqichma-bosqich kengaytirish taklif etilmoqda. Pensiya jamgʻarmasi mutaxassislari Kun.uzga bergan intervyusida bu oʻzgarish fuqarolarning mehnat faoliyatidagi yuqoriroq daromad olgan davrlarini ham pensiya hisob-kitobiga kiritish imkonini berishini taʼkidladi.

Pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilga choʻzish taklif etildi. Bu nimani anglatadi?
“Eng yuqori oylik olingan davr ham qamrab olinadi”
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, fuqaroga pensiya tayinlashda ikkita asosiy mezon — ish staji va oʻrtacha oylik ish haqi hisobga olinadi. Pensiyaning bazaviy miqdori oʻrtacha oylik ish haqining 55 foizi sifatida belgilanadi.
Hozirgi tartibga koʻra, pensiyaga chiqayotgan fuqaroning oxirgi 10 yillik mehnat faoliyatidagi eng yaxshi uzluksiz besh yilligi oʻrtacha ish haqini hisoblashda olinadi.
Taklif qilinayotgan tartibning asosiy maqsadi — fuqaroning mehnat faoliyatidagi yuqori daromadli davrlarini ham pensiya hisob-kitobiga kiritish.
Tahlillarga koʻra, fuqarolarning daromadi odatda 35–50 yosh oraligʻida yuqoriroq boʻladi. Amaldagi tartibda esa oxirgi 10 yillikdagi eng yaxshi besh yil hisobga olinishi sababli, fuqaroning 50–60 yoshdagi davri ham ushbu hisob-kitobga tushib qolishi mumkin. Bu davrda ish haqi avvalgi yillarga nisbatan pastroq boʻlish ehtimoli yuqori.
Shu bois taklif etilayotgan tizimda hisobga olinadigan davr 20 yilgacha bosqichma-bosqich kengaytiriladi. Natijada fuqaroning yuqoriroq ish haqi olgan davrlari ham pensiya hisob-kitobiga kiradi.
Bu oʻzgarish birdaniga 20 yilni hisobga olishni anglatmaydi. Davr har yili bir yilga uzaytirib boriladi. Masalan, hozirgi besh yil oʻrniga keyingi bosqichda olti yil, undan keyin yetti yil va shu tarzda 20 yilgacha oshirib boriladi.
“20 yilga bosqichma-bosqich boriladi”
Bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Yaʼni kelasi yilning oʻzida 20 yillik ish haqi hisobga olinmaydi. Har yili hisobga olinadigan davr bir yilga uzayib boradi.
Natijada 2041-yillarga kelib, 20 yillik ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hisobga olish imkoniyati shakllanadi.
Buning yana bir sababi — bugungi kunda pensiyalar, jumladan, yoshga doir va nogironlik pensiyalari proaktiv shaklda tayinlanmoqda. Fuqaro Pensiya jamgʻarmasiga alohida murojaat qilmaydi. Pensiya tayinlanganida bu haqda uning mobil ilovasiga xabarnoma yuboriladi.

