Sport

“Paxtakor” — “Surxon” o‘yinida ishlagan Ravshan Abduvohidov mavsum oxirigacha VAR hakamligidan chetlatildi

Ravshan Abduvohidov "Paxtakor" — "Surxon" o‘yinidagi ishi tufayli mavsum oxirigacha VAR hakamligidan chetlatildi.

O‘zbekiston Superligasining 18-turida bo‘lib o‘tgan "Paxtakor" — "Surxon" uchrashuvida yuzaga kelgan munozarali holat bo‘yicha Futbol hakamlari markazining ekspert hakamlar guruhi o‘z xulosasini e’lon qildi. Bu haqda O‘zFHM matbuot xizmati ma’lum qildi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘yin 0:0 hisobida yakunlangan edi. Uchrashuvning 90+4-daqiqasida "Paxtakor" gol urgan. Ushbu vaziyat video assistent referi (VAR) tomonidan ko‘rib chiqilgan. Shundan so‘ng bosh hakam VAR tavsiyasiga asoslanib, golni bekor qilgan.

O‘zFHM Ekspert hakamlar guruhi mazkur vaziyatni o‘rganib chiqib, mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, VAR hakami Ravshan Abduvohidov protokol talablarini buzganini aniqladi.

Ekspertlarning fikricha, Abduvohidov bosh hakamni vaziyatni maxsus monitor orqali qayta ko‘rib chiqishga chaqirishi lozim edi. Biroq VAR hakami bunday qilmagan. Natijada bosh hakam vaziyatni o‘zi qayta ko‘rib chiqmasdan, uning tavsiyasi asosida golni bekor qilgan.

Shu sababli Ravshan Abduvohidov mavsum yakuniga qadar VAR hakami sifatida faoliyat yuritish huquqidan mahrum etildi.

"Ravshan Abduvohidov VAR protokoli talablarini buzgani inobatga olinib, mavsum yakuniga qadar VAR hakamligidan chetlatildi", deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, "Paxtakor" — "Surxon" uchrashuvida bosh hakam vazifasini Jasur Muxtorov bajargan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.