Paxtachilikda «Yangi agronom» va «Ustoz-shogird» tizimi joriy etiladi
Endi ilg‘or fermerlar hosildorligi past xo‘jaliklarga ustozlik qiladi va ular uchun mukofotlar belgilanadi

Paxtachilikda «Yangi agronom» va «Ustoz-shogird» tizimi joriy etiladi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-sentyabrdagi 513-son qaroriga muvofiq, yangi agrotexnologiyalar asosida paxta va g‘alla yetishtirish ko‘nikmasiga ega «yangi agronom»larni tayyorlash hamda «ustoz-shogird» tizimlarini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
«Yangi agronom» tizimi doirasida Toshkent davlat agrar universiteti va qishloq xo‘jaligi sohasida mutaxassis tayyorlaydigan boshqa oliy ta’lim tashkilotlarining tegishli yo‘nalishlarida o‘qiyotgan 2- va 3-bosqich talabalari tanlov asosida amaliyotga jalb etiladi.
Tanlov oliy ta’lim tashkilotlarida har yili kamida bir marta o‘tkaziladi. Amaliyotni a’lo baholar bilan yakunlagan talabalar maxsus komissiya tomonidan saralanib, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish uchun xorijiy davlatlarga yuboriladi.
«Ustoz-shogird» tizimi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari paxtadan gektariga 50–60 sentnerdan yuqori hosil olayotgan ilg‘or agroklaster va fermer xo‘jaliklarini tanlovda «ustoz» sifatida qatnashishga taklif etadi.
Tanlab olingan har bir «ustoz» agroklaster yoki fermer xo‘jaligiga paxta hosildorligi gektariga 30 sentnerdan past bo‘lgan 20 tagacha fermer xo‘jaligi «shogird» sifatida biriktiriladi.
Hosil yili yakunida «shogird» fermer xo‘jaligi paxtadan gektariga 50 sentnerdan yuqori hosil olsa, unga ustozlik qilgan agroklaster yoki fermer xo‘jaligi har bir «shogird» uchun 5 mln so‘mdan mukofot oladi.
«Ustoz-shogird» doirasidagi ishlar Qishloq xo‘jaligi vazirligining «Raqamli qishloq xo‘jaligi» yagona integratsion platformasi orqali nazorat qilinadi.
Shuningdek, «ustoz» sifatida tanlangan agroklaster va fermer xo‘jaliklari, shuningdek, ularga biriktirilgan «shogird» fermer xo‘jaliklarining reyestri Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan yuritiladi.

