Siyosat

«Paxta ishi» qatagʻonlarini qoʻllagan rahbar – Rafiq Nishonov nega Moskvaga chaqirib olingandi?

1988-yil sentabr. Oʻzbekistonda «Paxta ishi» qatagʻonlari davom etmoqda. Ana shunday vaziyatda respublika rahbari Inomjon Usmonxoʻjayev ishdan olinadi va uning oʻrniga Rafiq Nishonov tayinlanadi. Biroq yangi rahbar Oʻzbekistonni bor-yoʻgʻi 1 yil 18 kun boshqaradi xolos. 1989-yil kuzda Nishonovni Moskvaga chaqirishadi. Xoʻsh, oʻshanda u nega Oʻzbekiston rahbarligidan ketgandi?

«Paxta ishi» qatagʻonlarini qoʻllagan rahbar – Rafiq Nishonov nega Moskvaga chaqirib olingandi?

Oʻzbekistonning sobiq rahbarlari haqidagi navbatdagi maqolamiz umrining soʻnggi 35 yilini Rossiyada oʻtkazgan Rafiq Nishonov haqida boʻladi. Bu shaxsning SSSR parchalanib ketganidan soʻng Oʻzbekistonga qaytmagani va Moskvada yashab qolgani yuzasidan turli gap-soʻzlar tarqalgan. Xoʻsh, nega u SSSR parchalanib ketgach Oʻzbekistonga qaytmadi?

### Oʻqituvchidan chiqqan rahbar

Rafiq Nishonov 1926-yilda Boʻstonliq tumani markazi boʻlgan Gʻazalkent shahrida tugʻiladi. U 1942-yildan boshlab kolxozda ishlay boshlaydi. Koʻp oʻtmay komsomol safiga kiradi va shu tashkilotning Boʻstonliq tumani boʻlimida faoliyat yuritadi.

1945-1950 yillarda harbiy xizmatni oʻtaydi va Oʻzbekistonga qaytgach, Toshkent shahridagi tumanlarning birida komsomol tashkilotida ishini davom ettiradi.

U 1955-yilda Ichki ishlar vazirligi tarkibidagi yongʻin xavfsizligi boshqarmasining siyosiy ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimiga tayinlanadi. Soʻng Toshkent shahridagi Oktabr tumani partiya qoʻmitasi masʼuli boʻladi. 1959-yilda esa shu tuman rahbariga aylanadi.

Rafiq Nishonov 1962-yilda Toshkent shahar ijroi qoʻmitasi raisi, 1963-yilda esa Toshkent shahri rahbari etib tayinlanadi. Oʻsha yili u Oʻzbekiston kompartiyasi markaziy qoʻmitasi byurosi aʼzosi boʻladi.

Rafiq Nishonov 1970-yilda SSSR tashqi ishlar vazirligiga ishga oʻtadi va sovetlarning Shri-Lanka hamda Maldiv orollaridagi elchisi etib tayinlanadi.

Hozirgi paytda Rossiya tashqi ishlar vaziri lavozimini egallab turgan Sergey Lavrov oʻsha paytda Nishonovning qoʻl ostida ishlagan. 1978-yilda Nishonov SSSRning Iordaniyadagi elchisi lavozimiga oʻtkaziladi va u bu yerda 1985-yilgacha faoliyat olib boradi.

1985-yil 11-mart kuni SSSR rahbarligiga Mixail Gorbachyov kelgach, Nishonov Toshkentga qaytadi va 30-mart kuni Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlanadi.

1986-yilda Nishonov Oʻzbekiston oliy kengashi prezidiumi raisi boʻladi. 1987-yilda esa uni SSSR oliy kengashi prezidiumi raisi oʻrinbosari etib tayinlashadi.

1988-yil yanvar oyida Oʻzbekiston rahbari Inomjon Usmonxoʻjayev ishdan boʻshatiladi, uning oʻrniga Rafiq Nishonov respublika rahbari boʻladi.

Rafiq Nishonovning 1985-yildan boshlab lavozim pillapoyalarida tezlik bilan yuqoriga koʻtarilishida oʻsha paytda SSSRni boshqarib turgan Mixail Gorbachyovning hissasi katta.

Rafiq Nishonov Gorbachyov bilan doʻstona aloqalarga ega boʻlgan va shu sababli orqavarotdan uni «Gobachyovning Rafiqi» deb atashgan.

Taniqli oʻzbek siyosatchisi Nuritdin Muhitdinov oʻz esdaliklarida Rafiq Nishonov Gorbachyovga juda sodiq shaxs boʻlganini va oʻsha paytda Oʻzbekiston manfaatlaridan koʻra Markaz manfaatlarini ustun qoʻyganini taʼkidlagan.

1989-yil 3-12 iyun kunlarida Fargʻona viloyatida qonli hodisalar boʻlib oʻtadi. Viloyatda yashovchi mesxeti turklar oldindan rejalashtirilgan igʻvolar oqibatida oʻzbeklar hujumiga uchraydi.

Hodisa sodir boʻlganda Rafiq Nishonov va respublikaning boshqa rahbarlari Moskvada edi. Xabarni olgach, Nishonov darhol Oʻzbekistonga qaytish va shoshilinch choralar koʻrish oʻrniga Moskvada qoladi va Xalq deputatlari yigʻinida qatnashishda davom etadi.

Oʻzbekistonga faqat Respublika Vazirlar Mahkamasi raisi Gʻayrat Qodirov va Fargʻona viloyati rahbari Shavkat Yoʻldoshevni joʻnatib yuboradi. Oʻshanda yigʻinda Mixail Gorbachyov hodisa haqida soʻraganda Rafiq Nishonov fojia koʻlamini anglab yetmasdan yoki kamaytirib koʻrsatish maqsadida turli gaplarni aytadi.

Jumladan, u Gorbachyovning savoliga javob bera turib, Fargʻonadagi qonli mojaro bir tovoq qulupnay tufayli kelib chiqqanini taʼkidlaydi. U millati mesxeti turk boʻlgan xaridor oʻzbek sotuvchisiga qoʻpollik qilib, togʻoradagi qulupnayni turtib yuborgani va oqibatda janjal boshlanganini aytadi.

Bu haqda u 2020-yilda OʻzAga bergan intervyusida shunday eslaydi:

«1989-yil, SSSR xalq deputatlari birinchi qurultoyi sessiyalarining ikkinchi haftasi davom etayotgan edi. 3-iyun kuni kechqurun mehmonxonada hayotimdagi eng dahshatli qoʻngʻiroqlardan biri yangradi. Fargʻonada Toshloq, Komsomol qishloqlarida, Margʻilon shahrida falokat sodir boʻlganini aytishdi. Qaroqchilarning uyushgan toʻdasi uylarga bostirib kirib, talon-taroj, shafqatsiz qotilliklar amalga oshirib, binolarni yoqib yurgan ekan.

Ertalab qurultoyda vahima: nima boʻladi, oʻylab tagiga yeta olmayman. Gorbachyov menga oʻgirilib: «Nima maʼlum qila olasan», deb soʻradi. Menda vaziyatning tahlili u yoqda tursin, komissiya aʼzolaridan ishonchli maʼlumotlar ham yoʻq edi. Bu haqda minbarga chiqmasdan, oʻtirgan joyimdan aytdim. Keyin maʼlumotlarimga koʻra, tartibsizliklar bozorda kuchli janjal – mesxeti turk oʻzbek sotuvchisi bilan urishib, bir tovoq qulupnayini agʻdarib tashlagani natijasida kelib chiqqan, deya qoʻshimcha qildim. Keyinchalik bu gapim uchun meni qattiq tanqid qilishgandi».

Oʻshanda Oʻzbekistondan vahimali xabarlar kelishda davom etaveradi va Nishonov fojia boshlanganidan ikki kun oʻtgach SSSR ichki ishlar vaziri bilan birga Oʻzbekistonga qaytadi. Biroq shunda ham fojiani jilovlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyadi.

Nuritdin Muhitdinovga koʻra, oʻshanda Rafiq Nishonov Oʻzbekiston rahbari sifatida zaiflik qilgan va harakatlarda sustkashlikka yoʻl qoʻygan. U Nishonovning «bir tovoq qulupnay» haqidagi gaplarini rahbar masʼuliyatsizligi va xalq boshiga tushgan kulfatning asl koʻlamini yashirish deb baholagan.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, oʻshanda 100 nafardan ortiq odam halok boʻladi, mingdan ortiq odam jarohatlanadi. Aksariyat tahlilchilar va zamondoshlar agar oʻshanda Nishonov qatʼiyat koʻrsatganda Fargʻonadagi fojia alanga olmasdan uni jilovlash mumkin edi, deb hisoblashadi.

SSSR parchalanib ketganidan soʻng Fargʻona fojiasini Moskva uyushtirgani oshkor boʻladi va shundan soʻng koʻplab insonlar mesxeti turklarga nisbatan adolatsiz ishlar qilinganini anglab yetadi.

Afsuski, oʻshanda oʻzbekning qon-qoniga singib ketgan «muammoni yuqoridagilardan yashirish, uning koʻlamini kamaytirib koʻrsatish» kasalligi tufayli Fargʻona fojiasi oʻzbek millatining gardaniga dogʻ boʻlib tushadi.

Shu oʻrinda bir muhim maʼlumotni keltirib oʻtmoqchimiz. Oʻshanda mesxeti turklar hamda oʻzbeklar oʻrtasidagi mojaro faqat Fargʻona viloyati hududida sodir boʻladi. Boshqa viloyatlarda kelishmovchiliklar yuz bermaydi.

Shu sababli Moskva faqat Fargʻona viloyatida yashab kelgan mesxeti turklarning bir qismini olib chiqib ketadi, qolgan viloyatlarda ular tinch-totuv yashashda davom etadi. Bugungi kunda ham turli viloyatlarda 50 mingdan oshiq mesxeti turklar yashaydi va ular Oʻzbekiston fuqarosi sifatida vatanimiz ravnaqiga hissa qoʻshib kelmoqda.

Rafiq Nishonov Oʻzbekiston rahbari boʻlgan kezda respublikada «Paxta ishi» qatagʻonlari davom etayotgan va Gdlyan hamda Ivanov qama-qamalarni davom ettirayotgan edi.

Oʻshanda vaziyat shu darajaga yetadiki, Moskva Oʻzbekiston rahbari Inomjon Usmonxoʻjayevni ham jazolashga qaror qiladi. Avvaliga uni ishdan boʻshatishadi. Soʻng SSSR oliy kengashi prezidiumi tarkibidan, soʻng KPSS markaziy qoʻmitasi aʼzoligidan chiqarishadi. 1988-yil oktabrda Usmonxoʻjayev hibsga olinadi va bir qator jinoyatlarda ayblanadi.

Garchi 1988-yilning oxirlari va 1989-yilning boshlarida SSSRda oshkoralik shamollari esa boshlagan, Boltiqboʻyi respublikalari mustaqillik talab qilayotgan boʻlsa-da, Rafiq Nishonov respublika rahbari sifatida Oʻzbekistondagi qatagʻonlarga koʻz yumadi.

U Moskvadan Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi tergovchilarni ortga qaytarishni soʻrash oʻrniga, ularni qoʻllaydi. Jumladan, majlislarning birida u «Paxta ishi» qatagʻonlarini qoʻllab gapiradi va shu joyda «Sharafrashidovshchina» atamasini ishlatadi.

Oʻshanda Rafiq Nishonovning bu ishi Oʻzbekistondagi koʻplab faollarga yoqmaydi va xalq oldida uning obroʻsi tushishiga sabab boʻladi. Keyinchalik Rafiq Nishonov OʻzAga bergan intervyusida bu haqda berilgan savolga shunday deb javob beradi:

«Oktabr inqilobi bayrami toʻgʻrisidagi maʼruzam bilan Oliy Sovet Prezidiumining raisi sifatida nutq soʻzlar ekanman, men ushbu atamani birinchi marta oʻsha paytda Oʻzbekistonda, butun Ittifoqdagi kabi boshqarishning avtoritar uslubi hukm surgan vaziyatni tasvirlash uchun ishlatganman. «Sharafrashidovshchina» iborasi shu qadar keng qoʻllanishini hech oʻylamagandim. Nutqimni qoʻllab-quvvatlaganlar, munosabatimga qoʻshilganlar boʻldi. Shu bilan birga «Nima uchun mavzuni keskinlashtiryapsiz, boʻlib oʻtgan ishni eslash shartmi?» deganlar ham boʻldi».

Rafiq Nishonov keyinchalik ham, hatto oradan 30 yil oʻtgandan keyin ham «Paxta ishi» boʻyicha fikrlarini oʻzgartirmagan va oʻzbek amaldorlarini pora-oldi berdisida ayblagan. Jumladan, u 2020-yilda OʻzAga bergan intervyusida bu haqda shunday deydi:

«Avvalo, yovuzlik aynan xalqqa qarshi qaratilgan, paxtakorlarga toʻlanmagan pullar ham respublikada, ham Moskvada poraga ishlatilgan, ularga «Volga» avtomobillari, dabdabali qasrlar, taqinchoqlar olingan»

Rafiq Nishonov shu intervyusi davomida Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi tergov guruhini tekshirish boʻyicha komissiya raisi boʻlib ishlagan Veniyamin Yarinning ayblanuvchilardan yuz million soʻm pul hamda taqinchoqlar musodara qilingani haqidagi gaplarini keltiradi.

Oʻzbek xalqi Gdlyan va Ivanov guruhi oʻsha yuz million soʻm pul hamda qimmatbaho taqinchoqlarni qanday qoʻlga kiritganini yaxshi biladi.

Oʻshanda ular hibsda saqlanayotgan shaxsning qarindoshlariga «Falon pul topib kelsang, qamoqdagi odamingni ozod qilamiz», deb avrashadi. Qarindoshlar qarz-havola qilib aytilgan pullarni topib borgandan soʻng, ularni hibsdagi shaxsning oʻziga qarshi ashyoviy dalil sifatida foydalanishadi.

Umuman olganda Nishonovning oʻz kitoblarida yozgan va intervyularida gapirgan gaplaridan shuni uqish mumkinki, u oʻzbekistonlik masʼul shaxslarning «Paxta ishi» tufayli jazolanishini toʻgʻri ish boʻlgan deb hisoblagan. Buni hatto OʻzAga bergan intervyusida ham anglash mumkin.

«Paxta ishi» va Fargʻona fojiasidagi sustkashliklar Oʻzbekistonda Rafiq Nishonovning obroʻsi tushishiga sabab boʻladi. Ayniqsa «Paxta ishi» qatagʻoni tufayli xalqning sabr kosasi toʻlib borayotgan edi.

Ana shunday sharoitda Mixail Gorbachyov oʻz «Rafiq»ini Moskvaga chaqirib oladi va uni SSSR oliy soveti millatlar kengashi raisi lavozimiga qoʻyadi.

1991-yil avgustda SSSR parchalanib ketgach bu tashkilot ham tugatiladi va Rafiq Nishonov nafaqaga chiqadi. Biroq u Toshkentga qaytmaydi va Moskvada yashab qoladi.

Islom Karimov davrida Rafiq Nishonov sovet tuzumining va «Paxta ishi» davrining ramzi sifatida koʻrilgan va Oʻzbekistonda unga nisbatan siyosiy jihatdan sovuq munosabatda boʻlingan. Balki shu sababli u vataniga qaytmagan.

Rafiq Nishonov Moskvada yashagan yillarida bir necha marta Putin tomonidan mukofotlangan va ordenlar olgan. Oʻzbekistonning sobiq rahbari umrining soʻnggi damlarini Shveysariyada oʻtkazadi va 2023-yilda shu yerda vafot etadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.