Parkent-Toshkent yo‘nalishida yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi
Parkent-Toshkent yo‘nalishida yangi shaharlararo elektropoyezd qatnovi boshlandi. Yo‘lovchilar 50 daqiqada manzilga yetib borishi mumkin, chipta narxi kattalar uchun 10 ming so‘mgacha, 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 6,5 ming so‘m etib belgilandi.

Parkent-Toshkent yo‘nalishida yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi
7-sentabrdan boshlab Parkent-Toshkent-Parkent yo‘nalishida shaharlararo elektropoyezd yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsata boshladi.
Mazkur qatnov O‘zbekistonning transport-logistika tizimini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida “Baytqo‘rg‘on-Parkent” temir yo‘l liniyasi qurilishi yakunlangach yo‘lga qo‘yildi.
Loyiha doirasida 24 kilometr uzunlikdagi elektrlashtirilgan temir yo‘l, 3 ta temir-beton ko‘prik, 1 ta avtomobil yo‘l o‘tkazgichi, 76 ta suv o‘tkazish inshooti hamda 16 ta avtomobil va temir yo‘l kesishmasi barpo etildi. Bundan tashqari, 50 o‘ringa mo‘ljallangan “Parkent” temir yo‘l bekati ham qurildi.
Yangi elektropoyezdda 586 ta o‘rin mavjud bo‘lib, u jami 1154 nafargacha yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega. Chipta narxi kattalar uchun 10 ming so‘mgacha, 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa 6,5 ming so‘m etib belgilangan. Parkentgacha bo‘lgan yo‘l taxminan 50 daqiqa davom etadi.
Yangi temir yo‘l qatnovi Parkent tumaniga borishni yengillashtirishi bilan birga, hududning turistik salohiyatini oshirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.

